Isroilda yangi qonun ma’qullanishi ortidan namoyishlar yana avj oldi
Olam
−
26 iyul 2023
6180Isroil parlamenti (Knesset) Oliy sud vakolatlarini cheklovchi munozarali qonun loyihasini qabul qilganidan keyin Tel-Aviv va Isroilning boshqa shaharlarida norozilik namoyishlari kechgacha davom etdi. Isroil Bosh vaziri esa huquqiy islohotni “zarur demokratik qadam” deb atadi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Tel-Aviv va Quddusdagi muhim yo‘llarni to‘sib qo‘ygan minglab namoyishchilarni tarqatish uchun politsiya suv purkagichlardan foydalangan. O‘nlab kishilar hibsga olingani xabar qilingan.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa maxsus telemurojaatida qonun islohoti bo‘yicha ovoz berish “kerakli demokratik qadam” ekanini aytgan.
“Bugun biz kerakli demokratik qadamni tashladik. Bu harakat 50 yil avval, sudyalar o‘zlari “asossiz” deb hisoblagan hukumat qarorlarini bekor qila olmagan paytda mavjud bo‘lgan hokimiyat tarmoqlari o‘rtasidagi muvozanatni tiklashga qaratilgan. Saylangan hukumat mamlakat fuqarolarining aksariyati qaroriga muvofiq siyosat olib borishi uchun biz “oqilona tuzatish” qabul qildik”, deydi Netanyaxu.
Bunga qaramasdan, Isroil shifokorlar kasaba uyushmasi bugun, 25 iyul kuni 24 soatlik ish tashlash e’lon qilgan. Ish tashlash paytida Isroildagi ba’zi shifokorlar ertalabdan qisman dam olish jadvaliga o‘tgan, ammo favqulodda vaziyatlar bo‘limlari odatdagidek ishlashda davom etgan.
Mamlakatdagi vaziyatga uning yaqin hamkorlari ham befaqr qarab turmagan. AQSH qonun loyihasining tor doira ovozi bilan qabul qilinganini “afsuslanarli” hol deb hisoblashini bildirgan bo‘lsa, Buyuk Britaniya Isroil hukumatini sud tizimini isloh qilish taklifi bilan bog‘liq holda mamlakatda yuzaga kelgan jiddiy mojarolarni hal qilishga chaqirgan.
Ma’lumot uchun, yanvar oyida boshlangan sud-huquq islohotlariga qarshi norozilik harakati mamlakatdagi eng yiriklaridan biriga aylandi. Yangi qonunning muxoliflari u siyosatchilarga haddan tashqari ko‘p vakolatlar berib, demokratiyaga xavf tug‘dirishini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, 24 iyul kuni Knessetning 120 deputatidan 64 nafari mohiyati sudni hukumatning asossiz deb hisoblagan harakatlarini bekor qilish huquqidan mahrum qilish va sudyalarni tanlash tartibini o‘zgartirishdan iborat bo‘lgan sud-huquq tizimi islohoti uchun ovoz bergandi. Muxolifat deputatlari esa majlislar zalini ommaviy ravishda tark etgan, qolganlar esa ovoz berish jarayonida “Uyat!” deb hayqirgandi.
LiveBarchasi