Isroilda navbatdan tashqari saylovlar natijasi e’lon qilindi
Olam
−
04 noyabr 2022
4760Kecha, 3 noyabr kuni Isroil Markaziy saylov komissiyasi Knessetga (parlamentga) 1 noyabrda o‘tkazilgan navbatdan tashqari saylov natijalarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, sobiq Bosh vazir Binyamin Netanyaxuning “Likud” partiyasi 120 o‘rinli parlamentda 32 ta o‘rinni egallagan holda, birinchilikni qo‘lga kiritdi.
Amaldagi Bosh vazir Yair Lapidning “Yesh Atid” partiyasi 24 ta o‘rin oladi. Itamar Ben-Gvir va Betsalel Smotrichning o‘ta o‘ngchi diniy partiyalar bloki “Diniy sionizm”ga 14 ta o‘rin nasib qildi. Amaldagi Mudofaa vaziri Benni Gantsning “Shtat lageri” bloki 12 o‘ringa ega chiqqan. Shuningdek, diniy partiyalar SHAS va “Birlashgan Yahudiy Tavrot” mos ravishda 11 ta va 7 ta deputatlik portfeliga ega bo‘ldi.
Qolaversa, Avigdor Libermanning “Bizning uyimiz Isroil” partiyasi 6 ta deputatlik mandatini egalladi. “Arab Raam” va XADASH TAAL 5 tadan mandat olgan. Leyboristlar partiyasi 4 ta mandat bilan ro‘yxatni yopgan.
Shunday qilib, Netanyaxuning “Likud” partiyasi boshchiligidagi o‘ng qanot va diniy kuchlar bloki birgalikda 64 ta mandat oldi. Bu esa ularga hukumat koalitsiyasini tuzish imkoniyatini beradi.
1 noyabr kungi parlament saylovlari Isroilda 2019 yildan beri beshinchisi bo‘ldi. Saylov natijalariga ko‘ra, 25-Knessetning tarkibi aniqlanadi. Shundan so‘ng, hukumatning kaolitsiya tuzish tartibi boshlanadi. Kaolitsiya tuzish muvaffaqiyatli yakunlanadigan bo‘lsa, yangi hukumat va Bosh vazir qasamyod qiladi. Hammasi risoladagidek bo‘lsa, Binyamin Netanyaxu Bosh vazirlik postiga qaytadi. Ungacha hukumatni joriy yilning 1 iyulidan beri boshqarib kelayotgan Yair Lapid Vazirlar Mahkamasi tepasida qoladi.
LiveBarchasi