Isroil yuz minglab falastinliklarni Rafahni tark etishga chaqirmoqda

Olam

image

Bugun, 6 may kuni Isroil yuz minglab tinch aholini Rafah shahrining bir qismidan chiqib ketishga chaqirdi. Bu haqda "Axios" o‘z manbalariga tayanib, xabar berdi.

Qayd etilishicha, dushanba kuni Isroil ishg‘olchi kuchlari Rafahning sharqiy qismidagi falastinliklarni shahardan 20 chaqirim naridagi "kengaytirilgan gumanitar hudud"ga ko‘chib o‘tishga chaqira boshlagan.

Isroil harbiylari falastinliklarni belgilangan hududni tashlab chiqishga undash yo‘lida arab tilidagi matnli xabarlar, varaqalardan foydalangan hamda ijtimoiy tarmoq orqali e’lon bergan.

Osmondan tashlangan varaqalarda Isroil o‘z harbiylari shaharning qaysi qismlarida amaliyot olib borishini tinch aholiga ma’lum qilgan hamda hududda qolgan har bir shaxs o‘zi va oilasi hayotini xavf ostiga qo‘yishini aytgan.

Ma’lum qilinishicha, taxminan yuz ming chog‘li odam Xon Yunis va al-Mavasi hududlaridagi chodir shaharchalar tomon "asta-sekin" chiqarila boshlangan. Isroilning undovi ortidan Rafah sharqida qo‘nim topgan falastinliklar ko‘chishga tayyorgarlik boshlangani tasvirlangan suratlar ham paydo bo‘lgan.

Ko‘pchilik Isroil harbiylari buyrug‘i ortidan mushkul vaziyatga tushib qolgani haqida ham gapirgan.

"Bombalar tufayli tungi soat ikkidan beri uxlolmadik. Tongda ko‘z ochganimizda yomg‘ir quyayotganini ko‘rdik - kiyimlarimiz va boshqa narsalarimiz suvga bo‘kkan edi. O‘zi shundoq ham ko‘chada bo‘lsak. Bundan tashqari Rafahni tashlab chiqish to‘g‘risidagi yanada yomon xabarni eshitdik. Men butun Arab dunyosini bizga yordam berishga chaqiraman - aralashsin va bizni bu vaziyatdan qutqarsin. Biz charchadik", degan Omina Advan ismli falastinlik ayol.

Rafahda boshpana topgan boshqa bir falastinlik Abu Rayd shunday degan: "Juda kuchli yomg‘ir yog‘moqda, biz esa qayerga borishimizni bilmaymiz. Bu kun kelishidan xavotirda edim o‘zi. Endi oilamni qayerga olib ketishni o‘ylashim kerak".

Ma’lumot uchun, G‘azo janubida joylashgan, Misr bilan chegaradagi Rafah shahrida 1,4 milliondan ziyod inson boshpana topgan.

Qator gumanitar tashkilotlar hududda "xavfsiz joylar qolmagani" tufayli Rafah sharqidan odamlarni evakuatsiya qilish rejasi "misli ko‘rilmagan oqibatlarga olib kelishi"dan ogohlantirmoqda.

"Uyini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan va borarga xavfsiz joyi qolmagan milliondan ziyod falastinlikni Rafahdan evakuatsiya qilish nafaqat qonunga zid, balki misli ko‘rilmagan oqibatlarga ham olib keladi", degan Britaniyaning Action Aid xayriya tashkiloti voizi.

Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Jozep Borrel ham Rafahda evakuatsiya va quruqlikdagi harbiy amaliyot rejasini tanqid qilgan.

"Isroilning Rafahdagi tinch aholini ko‘chirish buyrug‘i eng yomon narsadan darak beradi: yanada ko‘p urush va ocharchilik. Isroil quruqlikdagi hujum rejasidan voz kechishi kerak. Yevropa Ittifoqi va xalqaro hamjamiyat bunday ssenariyning oldini olishi mumkin va shunday qilishi ham kerak", degan u.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Falastin Isroil Rafah

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing