Isroil yana Rafahga hujum qiladi – “Bloomberg”
Olam
−
22 fevral
3307G‘arbning bir qancha rasmiylari Isroil nima bo‘lishidan qat’iy nazar G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrida operatsiya o‘tkazishiga ishonmoqda. Bu haqda manbalariga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
“G‘arb rasmiylari G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyatdan xavotirni kuchaytirmoqda. AQSH va uning ittifoqchilari Isroildan Rafahdan falastinliklarni anklav shimoliga evakuatsiya qilish rejasi tafsilotlarini taqdim etishni talab qilmoqda. Shu bilan birga, G‘arb rasmiylari Isroil nima bo‘lishidan qat’iy nazar bu operatsiyani amalga oshirishiga ishonadi”, deb ta’kidlaydi “Bloomberg”.
Agentlikning ta’kidlashicha, Isroil rasmiylari yahudiy davlati Rafahdagi operatsiyani qanday o‘tkazish, u qancha vaqt olishi yoki odamlarni u yerga qanday ko‘chirish borasida aniq strategiyaga ega emasligini alohida tan oladi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa “Bloomberg” bilan telefon orqali suhbatda harbiylar tinch aholini Falastin shahridan olib chiqishni rejalashtirayotganini aytgan.
Ma’lumot uchun, 13 fevral kuni Qohirada Misr, Isroil, Qatar va AQSH vakillari ishtirokida maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha yangi kelishuv, shuningdek, G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejimini o‘rnatish istiqbollari muhokama qilindi. Netanyaxu idorasiga ko‘ra, Isroil tomoni bu maslahatlashuvlar chog‘ida garovga olinganlarni ozod qilish bilan bog‘liq kelishuv bo‘yicha HAMASdan yangi taklif olmagan.
Qayd etish joizki, 9 fevral kuni Netanyaxuning idorasi harbiylarga tinch aholini evakuatsiya qilish va Rafahdagi HAMAS harakatining to‘rtta batalonini yo‘q qilish rejasini tayyorlashni topshirganini ma’lum qilgan. Isroil harbiy vazirlar mahkamasi vaziri Beni Gans 18 fevral kuni agar HAMAS tomonidan garovga olinganlar mart oyining birinchi o‘n kunligi oxirigacha ozod etilmasa, Isroil G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotini Rafahgacha kengaytirishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, 12 fevralga o‘tar kechasi Isroil qurolli kuchlari Rafahga yirik zarbalar bergandi. Portlashlar oqibatida 100 kishi halok bo‘lgan, 230 dan ortiq kishi jarohatlangandi. AQSH Prezidenti Jo Bayden esa Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefon suhbatida tinch aholini himoya qilish bo‘yicha aniq rejalarsiz Rafah shahrida harbiy operatsiya o‘tkazmaslikni tavsiya qildi.
LiveBarchasi