Isroil yaqin kunlarda Eronga zarba berishi mumkin – OAV
Olam
−
12 iyun 5684 2 daqiqa
Isroil Eron yadro dasturi borasidagi tahdidga javoban AQSH yordamisiz ham zarba berish imkonini jiddiy ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda AQSH Kongressidagi manbalar va vaziyatdan xabardor boshqa shaxslarga tayanib, NBC News telekanali xabar berdi.
Telekanalga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Tramp hozirda Eron bilan diplomatik kelishuv bo‘yicha faol muzokaralar olib bormoqda. Ushbu kelishuv Eronning uranni boyitish faoliyatini cheklash evaziga sanksiyalarni yumshatishni nazarda tutadi.
Biroq Isroil bunday cheklovlarni yetarli deb hisoblamayapti va muzokaralar dastlabki bosqichdagi kelishuvga yaqinlashgan bir paytda Eron yadro inshootlariga bir tomonlama zarba berish variantini muhokama qilmoqda. Bu harakat AQSH siyosati bilan keskin ziddiyatga olib kelishi mumkin, chunki Tramp ma’muriyati Isroilga bunday urush harakatlaridan tiyilish kerakligini ta’kidlab kelmoqda.
Tramp ma’muriyati Eron bilan har qanday harbiy to‘qnashuv ehtimoliga qarshi favqulodda chora-tadbirlar ko‘rmoqda. Qo‘shma Shtatlar Eron raketalari yoki harbiy kuchlari yetib borishi mumkin bo‘lgan hududlardagi barcha elchixonalarga xavf darajasi yuzasidan zudlik bilan hisob-kitoblar yuborishni buyurdi. Xususan, Bag‘doddagi AQSH elchixonasidan zarurat bo‘lmagan xodimlarni evakuatsiya qilish e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Davlat departamenti bungacha ham Bahrayn va Quvaytdagi harbiy xodimlarning oila a’zolari uchun ixtiyoriy chiqib ketishga ruxsat bergan edi. Bag‘doddagi AQSH elchixonasi esa avvaldan cheklangan tarkibda ishlayotgan bo‘lib, evakuatsiya katta miqyosli bo‘lmaydi.
Tramp AQSH xodimlari mintaqadan chiqarilayotganini u yer xavfli joyga aylanishi mumkinligi bilan izohlagan.
Eron tomonidan esa bunday bayonotlarga javoban ogohlantiruvlar yangramoqda. Xususan, Eron Mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda Eronga zarba berilsa, Tehron AQSH bazalarini nishonga olishini e’lon qildi.
Shu bilan birga, AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralar davom etmoqda. AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoff joriy yilning 15 iyun Ummon poytaxti Maskatda Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Abbos Aroqchi bilan uchrashishi kutilmoqda.
Bu muzokaralarning fonida AQSH Markaziy qo‘mondonligi rahbari general Maykl Kurilla Eron yadro quroliga ega bo‘lishining oldini olish bo‘yicha prezidentga turli harbiy variantlarni taqdim etganini aytgan.
Eron esa BMTdagi missiyasi orqali AQSHning harbiy tahdidlariga javoban bayonot berib, Vashingtonning “ezuvchi” kuch tahdidlari hech narsani o‘zgartirmasligini, Eron yadro quroliga intilmayotganini va AQSH siyosati faqat beqarorlikni kuchaytirishini ma’lum qildi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr