Isroil va AQSH tarixni o‘zgartiradigan yangiliklar ustida ishlamoqda – Netanyaxu
Olam
−
28 iyul 2023
9489Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Oq uydan AQSH poytaxtiga tashrif buyurish taklifi olganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashrif sentyabr oyida bo‘lishi mumkin, ammo yakuniy sana hali kelishib olinmagan. Bu haqda u Amerikaning ABC telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
"Oxirgi suhbatimiz chog‘ida Prezident Bayden meni kuzda Oq uyga taklif qildi. Taxminan sentyabr oyida uchrashsak kerak", degan Bosh vazir.
Shuningdek, Netanyaxu hozirda Isroil va AQSH orasidagi razvedka, xavfsizlik va strategik masalalarda hamkorlik har qachongidan ham yuqori darajaga chiqqanini bildirgan.
"Men sizga ayta olamanki, biz tarixni o‘zgartiradigan yangiliklar ustida ishlamoqdamiz. Xususan, biz Eron agressiyasini to‘sishga harakat qilyapmiz. Shuningdek, Saudiya Arabistoni bilan ham tinchlikka o‘tishga harakat qilmoqdamiz. Bu esa to‘rt arab davlati (Bahrayn, Marokash, BAA, Sudan) bilan tarixiy “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shimcha tarzda Yaqin Sharqni o‘zgartirmoqda. Bu esa dunyoni o‘zgartiradi. Biz burilish nuqtasida turibmiz”, deydi Isroil Bosh vaziri.
Netanyaxu Isroil va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi munosabatlarga e’tibor qaratar ekan, u har qachongidan ham yuqori darajaga ko‘tarilganini urg‘ulagan.
"Ishoning, Qo‘shma Shtatlar bizning almashtirib bo‘lmaydigan va hayotiy ittifoqdoshimiz. Bizning undan yaxshiroq do‘stimiz yo‘q. Men sizga aytishim mumkinki, Qo‘shma Shtatlarning ham nafaqat Yaqin Sharqda, balki butun dunyoda Isroildan yaxshiroq do‘sti yo‘q. U yuqori texnologiyalar olamiga kirib borar ekan, Isroil texnologik yutuqlari davlatlarimiz manfaatlariga xizmat qilmoqda va allaqachon ko‘plab amerikaliklarning hayotini saqlab qoldi”, deya xulosa qilgan Netanyaxu.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 yanvar kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Isroilga borgandi. U Quddusda Netanyaxu bilan uchrashganidan so‘ng, Isroil va AQSH Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik birgalikdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirishini bildirgan.
LiveBarchasi