Isroil va AQSH Eronga yangi hujumlarni rejalashtirdi
Olam
−
18:22 3044 2 daqiqa
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH Prezidenti Donald Trampni Eronga nisbatan ehtimoliy yangi harbiy zarbalar haqida xabardor qilishni rejalamoqda. Bu haqda NBC News xabar berdi.
Nashr manbalariga ko‘ra, Netanyaxu Eron ballistik raketalar dasturini kengaytirayotganini ta’kidlab, Islom Respublikasiga qarshi yangi zarbalar zarurligini asoslab bermoqchi.
Isroil tomoni Tehron ballistik raketalar ishlab chiqarishini keskin oshirishi mumkinligini aytmoqda. Manbalarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich oyiga 3000 donagacha yetishi ehtimoli bor. Shuningdek, Isroil Eron AQSH iyun oyida zarba bergan uranni boyitish ob’ektlarini tiklayotganidan xavotirda. Biroq Isroil rasmiylari raketa ishlab chiqarish infratuzilmasini qayta tiklash va havo hujumidan mudofaa tizimlarini ta’mirlashni yanada dolzarb tahdid deb hisoblamoqda.
Manbalarga ko‘ra, Tramp va Netanyaxu dekabr oxirida AQSHning Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohida uchrashishi kutilmoqda. Ushbu uchrashuvda Netanyaxu Eronning ballistik raketalar dasturini kengaytirishi zudlik bilan javob choralarini talab qiladigan xavf ekaniga Trampni ishontirishga harakat qiladi.
Tramp jurnalistlarga bergan izohida uchrashuv hali rasman kelishilmaganini, biroq Netanyaxu uni ko‘rishni istayotganini aytgan.
Isroil Bosh vaziri devoni esa 29 dekabr kuni G‘azo kelajagi muhokamasi uchun uchrashuv bo‘lishini bildirgan.
Manbalarning aytishicha, Netanyaxu Trampga Eron harakatlari nafaqat Isroil, balki butun mintaqa va AQSH manfaatlari uchun ham xavf tug‘dirayotganini uqtiradi. Shuningdek, u Vashingtonning yangi harbiy amaliyotlarda ishtiroki yoki Isroilga yordam ko‘rsatish bo‘yicha variantlarni taklif qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 iyun kuni bir hafta davom etgan Eron-Isroil urushiga AQSH ham qo‘shilgandi. Amerika samolyotlari Erondagi uchta yadroviy ob’ekt – Fordo, Natanz va Isfaxonga zarba berdi.
Shundan keyin, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish AQSHning Eron yadroviy inshootlarini bombardimon qilishini mintaqadagi xavfli avj olish va tinchlik hamda xavfsizlikka bevosita tahdid deb atadi.