Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi

Olam

image

Kecha, 6 oktyabr kuni Isroil va HAMAS o‘rtasida mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan birinchi bosqich muzokaralar Misrning Sharm-al-Shayx shahrida bo‘lib o‘tdi va “ijobiy muhitda” yakunlandi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.

Muzokaralarda HAMAS vakillari garovga olinganlarni ozod etish tartibi, shuningdek, Isroil qo‘shinlarini G‘azo sektoridan olib chiqish rejasi va jadvali bo‘yicha o‘z qarashlarini bayon qilgan. 

Qolaversa, HAMAS Isroil doimiy sulhga amal qilishi va qo‘shinlarini to‘liq olib chiqishiga ishonch bildirish kerakligini ta’kidlagan. Shunga qaramay, birinchi bosqich muzokaralari ijobiy ruhda yakunlangani xabar qilingan.

6 oktyabr kuni boshlangan muzokaralarda Tramp ma’muriyati tomonidan 29 sentyabr kuni taqdim etilgan 21 banddan iborat tinchlik rejasi muhokama qilingan. Rejada HAMAS tomonidan asirga olingan isroilliklarni ozod qilish va Isroil armiyasini bosqichma-bosqich Falastin hududidan olib chiqish ko‘zda tutilgan. Isroil esa evaziga umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan 250 nafar falastinlik mahbusni ozod qilishi kerak.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu joriy yilning sentyabr oyi oxirida, Vashingtonga tashrifi chog‘ida Trampning rejasi ma’qul kelganini aytgan edi. Oktyabr boshida HAMAS vakillari ham rejadagi ayrim bandlarga qisman rozi bo‘ldi.

Tomonlar 7 oktyabr kuni muloqotni davom ettirishi kutilmoqda. Tramp esa yaqin orada tomonlar kelishuvga erishishiga umid bildirgan.

Qayd etish joiz, 2023 yilning 7 oktyabr kuni HAMASning Isroilga uyushtirgan hujumi Yaqin Sharqdagi keskinlikning boshlanish nuqtasi bo‘ldi. Bo‘linmalar raketa zarbalari berib, Isroil hududiga bostirib kirdi va zamonaviy Isroil tarixidagi eng yirik tinch aholi qirg‘inini sodir etdi – taxminan 1200 kishi halok bo‘lgan. 250 dan ortiq garovga olinganlar G‘azo sektoriga olib ketildi, ularning bir qismi keyinchalik almashilgan yoki ozod qilingan, bir qismi esa halok bo‘lgan.

Isroil bunga javoban HAMASga qarshi urush e’lon qildi. Mojaro davomida G‘azo sektorida 67 mingdan ortiq falastinliklar halok bo‘lgan, 162 mingdan ziyodi yaralangan. 

Bugun, 7 oktyabr kuni mojaroning “starti”ga ham 2 yil to‘ldi. Shu ikki yil mobaynida G‘azodagi maktab, masjid, o‘quv dargohlari va ijtimoiy ahamiyatga ega infratuzulmalar tag-tugi bilan yo‘q qilindi, buzildi, portlatildi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil HAMAS Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing