Isroil Turkiyaga qarshi kurashga kirishmoqda – Erdo‘g‘an
Olam
−
04 Oktabr
23854Isroilning mintaqadagi rejalari faqat Falastin va Livan bilan chegaralanib qolmaydi va u Turkiyaga tahdid qiladi. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 4 oktyabr kuni Adanadagi chiqishida so‘z ochdi.
“Isroil G‘azo sektori, G‘arbiy Sohil va Livan bilan cheklanib qolmagan makkor rejani amalga oshirmoqda. Uning asosiy maqsadini ko‘rish uchun payg‘ambar bo‘lish shart emas. Tarixni, dinlar tarixini, siyosat va diplomatiyani biladigan har bir kishi Quddus, Al-Aqso masjidi bilan aloqani va va’da qilingan yer xayolini osongina ko‘radi. Biz va’da qilingan yer nima ekanligini juda yaxshi bilamiz. Ular tom ma’noda Turkiyaga qarshi kurashga kirishmoqda. Biz buni yaxshi bilamiz. Hozirgi Isroil ma’muriyati o‘zining har bir bayonoti va ko‘rsatgan har bir kartasi bilan o‘zining haqiqiy niyatlarini oshkor qilmoqda”, dedi Erdo‘g‘an.
U, shuningdek, Isroilni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishni persona non grata deb e’lon qilish qarori uchun tanqid qildi.
“Mintaqada har safar o‘t ochishni to‘xtatish, tinchlik va osoyishtalikka yaqinlashganda, Isroil hukumati bu jarayonlarga putur yetkazuvchi provokatsiyalarni amalga oshiradi. Ular barcha vositalarni ishga solib, butun hudud bo‘ylab olovni yoyib, uni qon va ko‘z yoshlariga to‘ldirishmoqda. Xalqaro huquq butunlay chetga surildi. Isroil BMT Bosh kotibi Guterrishga qarshi chiqishdan uyalmaydi. U taqiqlanganligini e’lon qiladi. Siz kimsizki, BMT Bosh kotibiga biror narsani taqiqlaysiz? Hozir dunyoning 196 ta davlati BMT Bosh kotibini qo‘llab-quvvatlashiga ishonaman”, dedi Erdo‘g‘an.
Ma’lumot uchun, Isroil Tashqi ishlar vaziri Isroil Kats 2 oktyabr kuni BMT Bosh kotibi Antoni Guterrishga Eronning Isroilga hujumini qoralamagani uchun yahudiy davlatiga kirishni taqiqlab, uni persona non grata deb e’lon qilgandi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi 3 oktyabr kuni BMT Bosh Guterrishni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
“Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi yoki tashkilotning o‘zi bilan muloqot qilishdan bosh tortish to‘g‘risidagi har qanday qaror, ayniqsa, Yaqin Sharqda keskinlik kuchayib borayotgan bir sharoitda samarasizdir”, deya ta’kidlanadi Xavfsizlik kengashining 15 a’zosi bayonotida.
Hujjatda, shuningdek, barcha mamlakatlar BMT Bosh Assambleyasi Prezidenti bilan samarali munosabatlar o‘rnatishi, uning faoliyatiga, shuningdek, idorasi faoliyatiga putur yetkazadigan har qanday harakatlardan tiyilishiga alohida e’tibor qaratiladi.
Guterrish esa BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida Eronning Isroilga qarshi hujumini qoraladi.
BMT Bosh kotibining doimiy vakili Stefan Dyujjarik jurnalistlar bilan suhbatda Katsga e’tiroz bildirdi va bu bayonotni “Isroil hukumati tomonidan BMT xodimlariga qaratilgan navbatdagi hujum” deb ta’rifladi, lekin shunga qaramasdan tashkilotning Isroil bilan barcha darajadagi hamkorlikni davom ettirishini ta’kidladi.