“Isroil, to‘xta”. Tramp Isroilga tiyilishni buyurdi

Olam

image

Bugun, 24 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil hukumatiga Eronga qarshi bomba tashlamaslikni buyurdi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, agar Isroil Eronga qarshi bomba tashlasa, tinchlik sulhini buzgan bo‘ladi. 

“Isroil! O‘sha bombalarni Eronga tashlamang! Agar siz bu ishni amalga oshirsangiz, kelishuvni buzgan bo‘lasiz! Hoziroq harbiy uchuvchilaringizni ortga qaytaring! Uyga qayting”, deya yozgan Oq uy rahbari. 

Prezidentning ushbu bayonoti Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats o‘z harbiylariga Tehron markazidagi ob’ektlarga kuchli zarbalar berishni topshirganidan keyin yangradi. Vazirga ko‘ra, ushbu zarbalar tinchlik bitimi tuzilganiga qaramay, Eronning Isroilga qilingan hujumiga javob sifatida yo‘llaniladi. 

Qayd etilishicha, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirganidan so‘ng, Erondan Isroil tomon ikki ballistik raketa uchirilgan. Xabarlarga ko‘ra, ikkala raketa ham tutib qolingan. Eron davlat teleradiokompaniyasi esa o‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilingandan keyin Eron hududidan raketa uchirilgani haqidagi xabarlarni rad etgan.

Tinchlik rejasi 

Bugun, 24 iyun kuni Eron tomonidan Isroilga qarshi to‘rtta hujum to‘lqinidan so‘ng o‘t ochishni to‘xtatish sulhi kuchga kirdi. Keyinroq buni AQSH Prezidenti Donald Tramp tasdiqladi. Qolaversa, Isroil rasmiylari ham Eron bilan harbiy mojaroda avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan e’lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirganini tasdiqladi. Sulhga ko‘ra, Isroil va Eron 12 soatga to‘liq va butkul o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lgan. Eron rasman sulhni boshlashi, 12 soatdan keyin Isroil o‘t ochishni to‘xtatishi hamda 24-soatda esa dunyo 12 kunlik urushning rasman yakunlanganini kutib olishi kerak edi. Ammo Tramp tuzgan ssenariy izidan chiqib ketdi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Donal'd Tramp Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing