Isroil Suriyaga chegara hududda harbiy mashg‘ulot o‘tkazdi
Olam
−
07 dekabr
2468Suriyadagi beqaror vaziyat ortidan Isroil armiyasi Bosh shtabi mamlakatga chegaradosh hududda qo‘shinlarni favqulodda joylashtirish bo‘yicha mashqlar o‘tkazdi. Ushbu mashg‘ulotlar Suriya yo‘nalishida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan hodisalar uchun tayyorgarlikni sinovdan o‘tkazishga qaratilgan. Bu haqda Isroil armiyasi matbuot xizmatiga tayanib, “The Times of Israil” xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, mashqlar kecha, 6 dekabr kuni Iordan vodiysining shimoliy qismi va Isroil nazoratidagi Golan tepaliklarining janubiy hududlarida o‘tkazilgan. Mashg‘ulot davomida Bosh shtabning doimiy tayyorlik kuchlarini yerda va havoda joylashtirish, javob berish vaqtini baholash hamda turli favqulodda vaziyatlarda harakat qilish usullari o‘rganilgan.
“Ushbu mashqlar quruqlik qo‘shinlari va harbiy-havo kuchlari o‘rtasidagi muvofiqlikni oshirishga, favqulodda vaziyatlarda turli ssenariylarga tezkor javob qaytarish qobiliyatini yaxshilashga qaratilgan. Mashqlarda turli o‘quv dasturlari va bo‘linmalardan harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. Ulardan ba’zilari Golan tepaliklari hududida qolib, Suriya chegarasi bo‘ylab mudofaa choralari kuchaytirilishini ta’minladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Hayat Tahrir ash-Shom” radikal ekstremistik guruhi a’zolari Suriya janubidagi Dar’a viloyati ma’muriy markazi va viloyatning katta qismini o‘z nazoratiga olgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi