Isroil razvedkasi 2,3 million g‘azoliklarni Misrga ko‘chirishni taklif qildi
Olam
−
31 Oktabr 2023
9258Isroil rasmiylari G‘azo sektorining 2,3 million aholisini Misrning Sinay yarimoroliga ko‘chirish g‘oyasini taklif qilgan mamlakat Razvedka vazirligi hujjati mavjudligini tan oldi. Bu haqda “The Times of Israel” gazetasi xabar berdi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning idorasi hujjatni muqobil variantlardan birini ko‘rsatadigan "konsepsiya qog‘ozi" deb atagan. Manbada qayd etilishicha, hujjat 13 oktyabr sanasida taqdim etilgan va keyin mahalliy ommaviy axborot vositalarida paydo bo‘lgan.
Unda G‘azo sektori aholisini Sinay yarimoroli shimolidagi chodir shaharlarga ko‘chirish, u yerda doimiy shaharlar qurish va gumanitar koridor yaratish g‘oyasi bayon etilgan. Shu bilan birga, Razvedka vazirligi Isroil ichida falastinlik qochqinlarning mamlakatga kirishiga to‘sqinlik qiluvchi maxsus xavfsizlik zonasi yaratishni taklif qilgan.
Biroq hujjatda G‘azo sektorida aholi ko‘chirilganidan keyin nima sodir bo‘lishi haqida hech narsa aytilmagan. Gazetaning mamlakat hukumatidagi manbasiga ko‘ra, ushbu hujjat yuzasidan jiddiy muhokamalar bo‘lmagan. Shuning uchun ham bu ssenariyni “Isroil xavfsizligi uchun eng maqbuli” deb atashgan.
“Isroilning hozirda HAMASning ma’muriy va harbiy salohiyatini yo‘q qilishga qaratilgan birorta rasmiy platformada “ertangi kun” masalasi muhokama qilinmagan”, deyiladi Bosh vazir idorasi bayonotida.
Ma’lumot uchun, Misr Tashqi ishlar vaziri Sameh Shukri 17 oktyabr kuni CNN telekanaliga bergan intervyusida Qohira anklav aholisi uchun Misr va G‘azo sektori chegarasidagi Rafah nazorat punkti orqali insonparvarlik yordamini yetkazishga tayyorligini, biroq Misr hududida G‘azodan kelgan qochqinlarni joylashtirish niyatida emasligini aytgan. “ Al-Arabi Al-Jadeed” manbalariga tayanib xabar berishicha, Misr Falastinning Rafah shahrida ular uchun lagerlar tashkil etishni taklif qilmoqda. Aytilishicha, lagerlar Misr bilan chegaradan 3 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, ularning faoliyati Qohiradan nazorat qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 oktyabr kuni Qohirada o‘tgan tinchlik sammitida Misr Prezidenti Abdul Fattoh as-Sisi falastinliklarni G‘azo sektoridan Sinay yarimorolidagi Arab Respublikasi hududiga ko‘chirish g‘oyasini qat’iyan rad etgandi.
LiveBarchasi