Isroil Prezidenti sud tizimi islohotini to‘xtatishga chaqirdi
Olam
−
27 mart 2023
5690Isroil Prezidenti Isxak Gersog hukumatni sud tizimini isloh qilishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda u o‘zining Twitter’dagi sahifasida yozdi.
“Isroil xalqining birligi nomidan, mas’uliyat nomidan sizni qonunchilik jarayonini to‘xtatishga chaqiraman. Men Knessetning (parlament) barcha fraksiyalari, koalitsiya va muxolifat rahbarlarini mamlakat fuqarolarini hamma narsadan ustun qo‘yishga hamda kechiktirmasdan mas’uliyat va jasorat bilan harakat qilishga chaqiraman. Endi o‘zingizga keling! Bu siyosiy lahza emas, bu yetakchilik va mas’uliyat ko‘rsatadigan vaqt”, degan Isroil Prezidenti.
Shuningdek, Gersog yangi norozilik namoyishlari, namoyishchilar va politsiya o‘rtasidagi to‘qnashuvlar fonida mamlakatdagi o‘ta keskin ijtimoiy-siyosiy vaziyatni qayd etgan. U millatni chuqur tashvish qamrab olgani, milliy xavfsizlik, iqtisodiyot, jamiyat – hamma narsa tahdid ostida ekanini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Isroilda uch oydirki, hukumatning Oliy sud vakolatlarini cheklash rejalari tufayli xalq noroziliklari tinmayapti. Netanyaxu hukumati taklif etayotgan sud-huquq islohoti Oliy sud sudyalarini saylash jarayoni ustidan nazoratni parlamentdagi asosiy partiya fraksiyasiga o‘tkazishni nazarda tutadi. Rasmiylar Oliy sudga hukumat qarorlarini bekor qilish imkonini beruvchi qonunchilik tamoyilidan ham voz kechmoqchi. Muxolifat esa mazkur islohot Isroil davlatchiligining demokratik asoslarini buzadi, deb hisoblamoqda va norozilik bildirmoqda. Biroq Bosh vazir Netanyaxu islohotlarni to‘xtatishdan bosh tortmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Bosh vazir Binyamin Netanyaxu tomonidan sud tizimi islohotiga qarshi bo‘lgan Mudofaa vaziri Yoav Galantning ishdan bo‘shatilishi ortidan tartibsizliklar avj olgan, namoyishchilar Netanyahuning qarorgohigacha kirib borgan edi.