Isroil Prezidenti Ozarbayjonga bordi
Olam
−
30 may 2023
6443Bugun, 30 may kuni Isroil Prezidenti Isxak Gersog rasmiy tashrif bilan Ozarbayjonga bordi. Bu haqda Ozarbayjon rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Ikki davlatning bayroqlari hilpirab turgan Haydar Aliyev nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortgan. Isroil Prezidenti Isxak Gersog va uning rafiqasi Mixal Gersogni Ozarbayjon Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Yagub Eyyubov, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Fariz Rzayev va boshqa rasmiy shaxslar kutib olgan.
Isxak Gersog ozarbayjonlik mavqedoshi Ilhom Aliyev Isroil bilan uchrashib, mudofaa sanoati sohasida hamkorlikni yuqori baholagan.
“Ozarbayjon ko‘p yillardan buyon Isroilning zamonaviy uskunalariga ega bo‘lib, bu bizga mudofaa qobiliyatimizni oshirish, davlatchiligimizni mustahkamlash, qadriyatlarimiz va hududiy yaxlitligimizni himoya qilishda yordam beradi”, degan Ozarbayjon rahbari.
Isroil Prezidentining tashrifini “tarixiy” deb atagan Ilhom Aliyev isroillik mavqedoshiga zamonaviy Ozarbayjon duch kelayotgan tahdidlar haqida gapirib bergan. Davlat rahbari ikki davlat yaqinda hamkorlik qila boshlagan sohalardan biri bu kiberxavfsizlik ekanini ta’kidlagan.
Shuningdek, siyosatchi Ozarbayjon yahudiy jamiyati vakillarining respublika taraqqiyotidagi faol ishtirokiga e’tibor qaratgan.
“Yahudiy jamiyati vakillari, Ozarbayjon fuqarolari mamlakatimizning zamonaviy taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shayotgan va qo‘shib kelayotgan insonlardir. Ular biz bilan, Ozarbayjondagi barcha boshqa millat vakillari bilan mustaqilligimiz, hududiy yaxlitligimiz uchun yelkama-yelka kurashdilar. Bugun bu omil nafaqat Ozarbayjonning muvaffaqiyatli rivojlanishi, madaniyatlararo tinchlik va do‘stlik, balki ikki tomonlama munosabatlarimiz uchun ham muhim omil bo‘lmoqda”, degan Aliyev.
O‘z navbatida Isroil Prezidenti Ozarbayjonda bo‘lganidan mamnunligini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, Isroil va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik yahudiylar va musulmonlar birgalikda katta yutuqlarga erisha olishi, ochiq muloqot olib borishi va dunyo manfaati uchun harakat qilishlari mumkinligining ko‘rsatkichidir.
Gersogning Ozarbayjonga safari davomida Bakuda bir qator hujjatlarni imzolagan va Ilhom Aliyevni Isroilga taklif qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 mart kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Nosir Kanani Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramovning Isroilga tashrifini qoralagan va Bakuni Isroil bilan Eronga qarshi hamkorlik qilishda ayblagan.
LiveBarchasi