Isroil Livan bilan kelishishi mumkin – OAV
Olam
−
31 Oktabr
1797Bugun, 31 oktyabr kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Livan bilan sulh tuzishga ko‘maklashish maqsadida kelgan AQSH elchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Netanyaxu idorasi uchrashuvda AQSH Prezidenti maslahatchisi Amos Xoxshtayn va AQSH ma’muriyatining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha koordinatori Brett MakGurk ishtirok etganini bildirdi.
Uchrashuv davomida Netanyaxu asosiy omil u yoki bu shartnomani imzolash emas, balki tomonlarning uning bajarilishini ta’minlashi ekanini ta’kidlagan.
“Bosh vazir o‘z nutqining boshida amerikalik do‘stlarimizga qilgan sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi. Netanyaxu asosiy narsa qog‘ozdagi u yoki bu kelishuv emas, balki Isroilning kelishuvni amalga oshirish va Livan tomonidan o‘z xavfsizligiga har qanday tahdidning oldini olishini aytdi. Hammasi aholimizning uylariga xavfsiz qaytishini ta’minlash uchun”, dedi vazir idorasi.
Isroilning “Kan” davlat teleradiokompaniyasi Isroil-Livan sulh bitimining Amerika loyihasini e’lon qilgan. Unga ko‘ra, Livan janubi faqat mamlakat qurolli kuchlari va BMT tinchlikparvar kuchlari tomonidan 1701-sonli rezolyutsiyaga binoan nazorat qilinadi va Isroil sulhdan keyin yetti kun ichida o‘z qo‘shinlarini Livandan butunlay olib chiqadi.
“Axios” portali AQSHning ikki amaldoriga tayanib, Livandagi Isroil va “Hizbulloh” harakati o‘rtasidagi vaziyatni hal qilish bo‘yicha muzokaralar sezilarli yutuqlarga erishganini, ammo AQSH hozircha ikkala tomon bilan ham yakuniy kelishuvga erishmaganini xabar qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Livanning “Hizbulloh” harakati Binyamin Netanyaxuning qarorgohiga hujum qilgandi. Harakat tomonidan uchirilgan dron Isroil Bosh vazirining Tel-Aviv shimolidagi Keysariya shahridagi shaxsiy qarorgohiga borib urilgandi. Dron hujum qilgan paytda Netanyaxu qarorgohda bo‘lmagan, shuningdek, boshqa jarohat olganlar ham mavjud emas. Isroil OAV harbiylar tomonidan qo‘yilgan taqiq sababli, zarar va ehtimoliy jabrlanganlar haqida qo‘shimcha ma’lumot bermagan. Mamlakat qo‘shinlarining iqror bo‘lishicha, dron kirib kelganida havo mudofaasi tizimi uni to‘xtata olmagan. Hatto dron harbiy vertolyot yaqinidan uchib o‘tgan.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi