Isroil kuchlari Jenindan chiqib ketdi
Olam
−
05 iyul 2023
6330Iordan daryosining g‘arbiy sohilidagi Jenin shahrida Isroil tomonidan o‘tkazilgan keng ko‘lamli harbiy amaliyot yakunlandi. U yerdan barcha harbiylar olib chiqildi. Bu haqda bugun, 5 iyul kuni Isroil mudofaa kuchlari matbuot xizmati xabar berdi.
Aytilishicha, dactlabki bo‘linmalar Jenin shahridan bir kecha-kunduzda chiqib ketgan. Endi ular G‘arbiy Sohildagi “kundalik” vazifalariga qaytishi ma’lum qilingan.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham Jenindagi operatsiya yakunlanganini tasdiqlagan.
“Ayni damda biz missiyani yakunlayapmiz va shuni ayta olamanki, Jenindagi keng ko‘lamli amaliyotimiz bir martalik operatsiya emas”, degan u shahar yaqinidagi Isroil armiyasi nazorat punktiga borganida.
Shuningdek, Isroil tomoni harbiy kuchlar olib chiqilishi boshlanganidan bir necha soat o‘tgach, G‘azo sektoridagi falastinlik jangchilar Isroil tomon beshta raketa uchirganini aytgan.
Bildirilishicha, raketalar tutib olingan, qurbonlar haqida esa ma’lumot yo‘q. Bu o‘qqa javoban isroillik harbiylar G‘azo sektori shimolidagi HAMAS harakatining harbiy ob’ektiga hujum qilgan.
Ma’lumot uchun, Isroilning Jeninda o‘tkazgan operatsiyasi oqibatida 12 falastinlik halok bo‘lgan, 100 dan ortiq kishi yaralangan. Isroil tomondan esa bir askar o‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, 3 iyulga o‘tar kechasi Isroil armiyasi Jenin va shu nomdagi qochqinlar lagerida keng ko‘lamli aksilterror operatsiyasi boshlanganini e’lon qilgandi. Operatsiyaning birinchi kunida Isroil havo hujumi uyushtirdi. Amerika Qo‘shma Shtatlari ma’muriyati esa Isroilning maxsus operatsiyasini qo‘llab quvvatlashini bildirdi. Turkiya esa Isroilning bu harakatlarini keskin qoralab, zo‘ravonliklarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15