Isroil kuchlari yana Al-Aqso masjidiga bostirib kirishga urindi
Olam
−
06 aprel 2023
4413Falastinliklar Quddusdagi Al-Aqso masjidida barrikada o‘rnatdi va Isroil politsiyasi ketma-ket ikkinchi kechada binoga bostirib kirishga urindi. To‘qnashuvlarda kamida olti kishi jarohatlandi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Quddus vaqfi va Al-Aqso masjidi bo‘limining ma’lum qilishicha, politsiya falastinliklarni tarqatish uchun yana elektr toki granatalari va rezina o‘qlardan foydalangan. Isroil huquq-tartibot idoralari o‘nlab voyaga yetmagan “jinoyatchilar” politsiyaga tosh otib, xavfsizlik kuchlarini qonun va tartibni tiklash uchun harakat qilishga majbur qilganini iddao qilgan.
Ta’kidlash joizki, norozilik avvalgi kechaga qaraganda kuchsiz edi. Ammo musulmonlar Ramazon oyini nishonlayotgani va yahudiylar bir hafta davom etadigan Fisih bayramini boshlagani sababli vaziyat keskinligicha qolmoqda. G‘azo sektoridagi falastinlik jangarilarning Isroilga raketa otishgani esa vaziyatni yanada chigallashtirishidan xavotir uyg‘otgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 5 aprel kuni ham Isroil politsiyasi Al-Aqso masjidiga bostirib kirgan edi. Xavfsizlik kuchlari Al-Aqso ichida shovqinli granatalar, ko‘zni yoshlantiruvchi gaz, rezina o‘q va tayoqlardan foydalangandi. Shuningdek, ular shifokorlarning voqea joyiga yetib borishiga va yaradorlarga yordam berishga ruxsat bermagandi. Isroilning xatti-harakatlari Iordaniya va Misr tomonidan qoralangan, Falastin va Iordaniya iltimosiga ko‘ra, bugun, 6 aprel kuni BMT Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishi chiqarilgandi. Shuningdek, 5 aprel kuni Isroil G‘azo sektoriga ham hujum qilgan.
LiveBarchasi