Isroil Kats G‘azoga hujumlar kengaytirilganini e’lon qildi 

Olam

image

Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats G‘azo sektoridagi hujumlar kengaygani haqida xabar berdi. Bu haqda u X ijtimoiy tarmoqda yozdi.

G‘azo sektoridagi hujumlarning kengayishi HAMAS va G‘azo xalqiga bosimni oshirishini ta’kidlagan Kats bu hududlar Isroilning "xavfsizlik zonasi"ga kiritilishini aytdi.

Isroil davlat televideniyesi KAN armiya bugun, 2 aprel kuni ertalab G‘azo sektori janubidagi Rafah shahriga quruqlikdan hujum uyushtirganini e’lon qildi.

Xabarlarga ko‘ra, tun bo‘yi davom etgan shiddatli havo hujumlaridan so‘ng, qo‘shin birinchi marta mintaqaga kirgan va otashkesim buzilganidan beri quruqlik hujumlarini boshlagan.

Isroil armiyasining janubiy qo‘mondonlikda ishg‘olni kengaytirishga tayyorgarlik ko‘rgan eng yirik bo‘linmasi hisoblangan zirhli texnika va tanklardan tashkil topgan 36-diviziyaning G‘azo janubiga kirgani ma’lum qilindi.

Ma’lumot uchun, 19 yanvar kuni G‘azo sektorida kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan so‘ng Isroil armiyasi 18 mart kuni ertalab o‘zining shafqatsiz hujumlarini davom ettirdi. G‘azoda Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi bayonotiga ko‘ra, Isroil armiyasi hujumlarni qayta boshlaganidan beri 1042 nafardan ko‘proq falastinlik halok bo‘ldi.

2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlarida halok bo‘lgan falastinliklar soni 50 ming 399 nafarga, yaralanganlar soni esa 114 ming 583 nafarga yetdi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing