Isroil Qatarda HAMAS a’zolarini nishonga oldi – OAV (video)
Olam
−
09 Sentabr 8808 2 daqiqa
Bugun, 9 sentyabr kuni Qatar poytaxti Dohada bir nechta portlashlar sodir bo‘ldi. Isroil HAMAS a’zolarini nishonga olgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda guvohlarga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
“Axios” muxbiri Barak Ravid esa isroillik rasmiylarga tayanib, Dohadagi portlash HAMAS amaldorlariga suiqasd ekanini ma’lum qilgan.
“Biz Vest-Bey tumanidagi “Alfardan Towers” osmono‘par binosida portlashlarni eshitdik”, deydi “Reuters” manbalaridan biri.
Yana bir guvoh Doha markazidagi Al-Sadd tumanida joylashgan Hamad bosh shifoxonasi yaqinida bo‘lganida taxminan to‘rtta portlash eshitganini aytgan.
Keyinroq “Doha News” poytaxt chekkasidagi Lusail shahrida bino yong‘in ichida qolganini, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlash shu yerda yuz bergani va u Dohadagi turli hududlardan eshitilganini yozgan.
“Al Jazeera”ning yozishicha, Isroil harbiylari Qatar poytaxti Dohada kuzatilgan va eshitilgan portlashlar HAMAS rahbariyati a’zolari va Falastinning yuqori martabali amaldorlariga qarshi suiqasd urinishining oqibati ekanini bildirgan.
Qayd etilishicha, hujumdan avval “nishonga aloqasi bo‘lmagan odamlarga zarar yetishini kamaytirish uchun aniq zarba beruvchi qurollar va qo‘shimcha razvedka ma’lumotlaridan foydalanish” chorasi ko‘rilgan.
Bu Isroil tomonidan Qatarda amalga oshirilgan birinchi bunday hujum bo‘lib, Qatar Isroil va HAMAS o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish muzokaralarida muhim vositachi hisoblanadi. Isroil G‘azo, Livan, Yaman va Suriyani bombardimon qilib kelmoqda, shuningdek, Falastinning G‘arbiy sohilda ham har kuni hujumlar uyushtirmoqda.
Live
Barchasi