Isroil g‘azoliklarning evakuatsiyasi uchun yana olti soat vaqt beradi
Olam
−
14 Oktabr 2023 7000 2 daqiqa
Isroil mudofaa kuchlari qo‘mondonligi G‘azo sektori shimolidagi aholiga janubga ko‘chishi uchun avval berilgan 24 soatdan tashqari yana olti soat qo‘shimcha vaqt berdi. Bu haqda Isroil armiyasi X'dagi sahifasida ma’lum qildi.
Isroil rasmiylariga ko‘ra, G‘azo fuqarolarini evakuatsiya qilish yo‘laklari mahalliy vaqt bilan soat 10:00 dan 16:00 gacha ochiq bo‘ladi. Harbiylar anklav aholisiga arab tilida murojaat qilib, janubga ko‘chishga chaqirgan.
Bundan tashqari, Isroil armiyasi xabarida qurolli kuchlar quruqlikdagi harbiy operatsiyani boshlashga tayyor ekani ta’kidlangan.
“Al Hadath” telekanalining xabar berishicha, ayni paytda 800 mingdan ortiq odam allaqachon G‘azoning shimoliy hududlarini tark etgan. Bu odamlarning barchasi o‘z uylarini va mol-mulkini tashlab, qochqinlarga aylanishga majbur bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Isroilning G‘azo sektori shimolidagi 1,1 million aholini evakuatsiya qilish uchun bor-yo‘g‘i bir kun berish qarori ko‘plab davlat va tashkilotlar tomonidan tanqid qilingan. Xususan, bu qaror nafaqat arab davlatlari va Turkiya, balki BMT va Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel tomonidan ham qoralangan.
Amerika ommaviy axborot vositalarining yozishicha, xususiy ravishda AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati ham tinch aholini evakuatsiya qilish uchun ajratilgan qisqa vaqtdan xavotirda. Bu muddatlar mutlaqo real emasligi aniq, ammo agar Isroil armiyasi tinch aholini evakuatsiya qilmasdan keng ko‘lamli operatsiyani boshlasa, qurbonlar soni ko‘payishi qatorida, mojaroning yanada kuchayishiga olib kelishi mumkin.
Live
Barchasi