Isroil G‘azodagi mojaroni kuchaytirmoqchi – WSJ
Olam
−
08 mart 2684 2 daqiqa
Isroil hukumati HAMAS harakati bilan mojaroni kuchaytirish va G‘azo sektorida garovda saqlanayotgan shaxslarni qaytarish maqsadida unga bosim o‘tkazish rejasini ishlab chiqmoqda. Bu haqda manbalarga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, o‘tgan hafta anklavdagi nazorat-o‘tkazish punktlari yopilganidan so‘ng Isroil hukumati G‘azo sektoriga elektr energiyasi va suv yetkazib berishni to‘xtatishi mumkin. Agar bu choralar samara bermasa, Isroil havo hujumlarini va anklavda taktik operatsiyalarni qayta boshlashi mumkin. Bundan tashqari, yahudiy davlati otishmalar to‘xtatilgan paytda o‘z uylariga qaytgan yuz minglab falastinliklarni yana ko‘chib ketishga majburlashi ehtimoldan xoli emas.
Nashrning yozishicha, garovga olingan shaxslarning ozod etilishi borasida rivojlanish kuzatilmasa, vaqt o‘tishi bilan Isroil hukumati G‘azo sektorida yanada jiddiy harbiy harakatlarni amalga oshirishga o‘ziga ruxsat berishi mumkin. Chunki, 2023 yilning oktyabriga qaraganda, hozirda Isroilning qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar zaxirasi to‘ldirilgan, AQSH Prezidenti Donald Tramp yahudiy davlatiga bosim o‘tkazishni to‘xtatgan va Isroil armiyasi Livan chegarasida katta miqdordagi qo‘shin saqlamaslikka imkon topgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyi o‘rtalarida Isroil va HAMAS Misr, Qatar hamda AQSH vositachiligida sulh rejimini joriy etishga kelishib olgan edi. Sulh 19 yanvarda kuchga kirdi. Ushbu kelishuvning birinchi bosqichi 1 martda yakunlandi va bu vaqt ichida 42 kun mobaynida Isroilga 33 nafar garovga olingan shaxs qaytarildi. 2 mart kuni Isroil G‘azoga gumanitar yordam yetkazib berishni to‘xtatdi hamda anklavdagi barcha nazorat-o‘tkazish punktlarini yopdi. Bu choralar HAMASning AQSH Prezidentining maxsus vakili tomonidan taklif qilingan sulh bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish rejasini rad etgani ortidan amalga oshirilgan.