Isroil G‘azodagi qochqinlar lageriga zarba berdi. Qurbonlar bor

Olam

image

Kecha, 29 iyun kuni Isroil armiyasi tomonidan G‘azo sektoridagi Jabaliya qochqinlar lageriga uyushtirilgan artilleriya hujumida kamida 18 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Al Hadath” telekanali xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, zarba qochqinlar joylashgan maktab binosiga berilgan. Ushbu maktabda o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan tinch aholi vakillari panoh topgan edi.

G‘azo shahrining sharqiy hududlari – Hay-Zaytun va Hay-at-Tuffah tumanlariga bundan oldinroq qilingan hujumlar tufayli yana to‘rt kishi halok bo‘lgani aytilmoqda.

Umuman olganda, kecha, 29 iyun kuni G‘azo sektorida Isroil tomonidan uyushtirilgan havo hujumlari va artilleriya zarbalari oqibatida kamida 68 nafar falastinlik hayotdan ko‘z yumgan.

“Al Hadath” telekanalining qayd etishicha, Isroil armiyasi hujumlar arafasida G‘azoning shimoliy hududlarida yashovchi aholiga xavfsiz hududlarga ko‘chish haqida hech qanday ogohlantirish bermagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil tomonidan G‘azo shahrining turli hududlariga va G‘azo janubida insonparvarlik yordamini kutayotgan fuqarolar to‘plangan joylarga uyushtirilgan havo hujumlari oqibatida kamida 24 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lib, yana o‘nlab odamlar jarohat olgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo qochqinlar lageri Jabaliya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing