Isroil G‘azodagi bolalar shifoxonasiga hujum qildi
Olam
−
04 noyabr 2023
5758Isroil havo kuchlari G‘azo sektori g‘arbidagi Nasr bolalar shifoxonasiga kiraverish yaqiniga hujum uyushtirdi. Bu haqda “Al Aqsa” televideniyesi xabar berdi.
Aytilishicha, Isroil havo hujumidan halok bo‘lganlar va yaralanganlar bor.
Bundan tashqari, Isroil havo zarbalari Es-Sabraning aholi zich joylashgan hududi markazidagi masjid va Rafah shahri sharqidagi ko‘plab mahallalarni suv bilan ta’minlaydigan suv omborini nishonga olgani xabar qilingan.
Shuningdek, Isroil havo hujumi oqibatida G‘azo aholisi uchun yagona elektr energiyasi manbai bo‘lgan quyosh panellari ishdan chiqqan.
Eronning “Tasnim” agentligining yozishicha, Isroil harbiy-havo kuchlari samolyotlari G‘azo sektoridagi Al-Shifa markaziy shifoxonasidagi quyosh panellari va elektr generatoriga zarba bergan. Ushbu hujum oqibatida shifoxonaning bir qismida yong‘in chiqqan.
Ma’lumot o‘rnida, kecha, 3 noyabr kuni Isroil kuchlari Al-Shifa markaziy shifoxonasiga tutash hududga hujum qilgan edi. Zarbalar yaradorlarni Misr bilan chegaradagi Rafah nazorat-o‘tkazish punktiga olib ketayotgan tez yordam mashinalari kolonnasiga, so‘ngra shifoxonaga kiraverish yaqiniga kelib tushgan. Isroil mudofaa kuchlari matbuot xizmati HAMASning bosh qo‘mondonlik shtab-kvartirasi Ash-Shifa hududida joylashganini da’vo qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Isroil havo kuchlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligiga qarashli (UNRWA) G‘azo shimolidagi maktab binosiga raketa otgan, oqibatda o‘nlab odam halok bo‘lgandi.
LiveBarchasi