Isroil G‘azoga hujumni kuchaytirdi
Olam
−
19 may 3407 2 daqiqa
Isroilning quruqlikdagi qo‘shinlari G‘azo sektorining shimoli va janubida “Gideon aravalari” nomli yangi harbiy kampaniya doirasida keng ko‘lamli quruqlikdagi operatsiyalarni boshladi. Bu haqda Isroil armiyasi (SAXAL) xabar berdi.
Isroil armiyasiga ko‘ra, ular allaqachon o‘nlab HAMAS a’zolarini yo‘q qilgan, yer usti va yer ostidagi HAMAS infratuzilmasini demontaj qilgan va ayni paytda G‘azo sektorida asosiy pozitsiyalarga joylashtirilmoqda.
Qayd etilishicha, o‘tgan hafta davomida Isroil harbiy-havo kuchlari tomonidan “quruqlikdagi operatsiyani qo‘llab-quvvatlash maqsadida” G‘azo bo‘ylab 670 dan ortiq HAMAS ob’ektiga zarbalar berilgan.
Ushbu zarbalar oqibatida yo‘q qilingan nishonlar orasida qurol-yarog‘ omborlari, yerosti inshootlari, tankga qarshi raketa moslamalari hamda askarlar bo‘lgan.
“Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi harakatini davom ettiradi. Bu Isroil fuqarolarini himoya qilish uchun zarur”, deyiladi ularning bayonotida.
Ayni vaqtda HAMAS nazorati ostidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligining xabar berishicha, o‘tgan hafta davomida Isroil hujumlari oqibatida 464 nafar falastinlik halok bo‘lgan, so‘nggi hujumlar oqibatida esa kamida yana 130 kishi qurbon bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ommaviy axborot vositalari G‘azo sektorining janubiy qismidagi Xon-Yunus shahrida joylashgan tunneldan HAMAS harakati yetakchilaridan biri Muhammad Sinvarning jasadi topilganini xabar qilgandi. U Isroil harbiy-havo kuchlarining aviazarbasi oqibatida bir necha kun oldin halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin.