Isroil G‘azoda gumanitar tashkilotlar faoliyatini cheklamoqda

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroilni o‘nlab xalqaro gumanitar tashkilotlarning litsenziyalarini bekor qilish qarorini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Guterreshning so‘zlariga ko‘ra, litsenziyalarini bekor qilish G‘azo sektorida sulh davomida erishilgan nozik taraqqiyotga putur yetkazishi mumkin. Bu haqda “Detsche Welle” xabar berdi.

Qayd etilishicha, avvalroq Isroil hukumati “Chegara bilmas shifokorlar” va “Oxfam” kabi 37 ta xalqaro gumanitar tashkilotga ularning litsenziyalari 2026 yil 1 yanvardan boshlab bekor qilinishi, 1 martga qadar esa faoliyatini to‘xtatishi lozimligi haqida xabar bergan. Rasmiylarga ko‘ra, bunga ushbu nodavlat tashkilotlarning yangi talablarga rioya qilmagani sabab bo‘lgan.

Xususan, Isroil hukumati ulardan falastinlik xodimlarining ismlari va boshqa shaxsiy ma’lumotlarini taqdim etishni talab qilgan. Isroilning Diaspora ishlari va antisemitizmga qarshi kurash vaziri Amihay Shiklining aytishicha, agar tashkilotlar 1 martga qadar aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etsa, ularning faoliyatini davom ettirish bo‘yicha arizalari qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

“Oxfam” tomonidan e’lon qilingan qo‘shma bayonotda 53 ta xalqaro nodavlat tashkilot Isroilni “ro‘yxatdan o‘tkazishni bekor qilish jarayonini zudlik bilan to‘xtatishga va gumanitar yordamga to‘sqinlik qilayotgan choralarni bekor qilishga” chaqirgan. Bayonot mualliflari donor davlatlarni bu maqsadda “mavjud barcha vositalardan foydalanishga” undagan.

Alohida bayonot bilan chiqqan “Chegara bilmas shifokorlar” esa Isroil hukumatini G‘azo sektori va G‘arbiy sohilda yordam ko‘rsatishga to‘sqinlik qiluvchi “kinoyali va hisoblangan urinishlarda” ayblagan hamda buni xalqaro gumanitar huquqning buzilishi, deb baholagan.

Ma’lumot o‘rnida, hozirda kuchli yog‘ingarchilik va havo haroratining pasayishi tufayli G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyat yanada og‘irlashgan. Shu munosabat bilan Kanada, Daniya, Finlyandiya, Fransiya, Islandiya, Yaponiya, Norvegiya, Shvetsiya, Shveysariya va Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirlari qo‘shma bayonot bilan chiqdi.

Unga ko‘ra, mintaqada 1,3 million kishi shoshilinch boshpanaga muhtoj. Tibbiyot muassasalarining yarmidan ko‘pi uskunalar va sarf materiallari tanqisligini boshdan kechirmoqda. Infratuzilmaning deyarli to‘liq izdan chiqishi esa 740 ming kishini kanalizatsiya suvlari toshqini xavfi ostida qoldirmoqda.

Bayonot mualliflari Isroilni zudlik bilan choralar ko‘rishga, jumladan, xalqaro nodavlat tashkilotlar G‘azoda “izchil va oldindan aytib bo‘ladigan asosda” faoliyat yurita olishini ta’minlashga chaqirgan. Bu chaqiriqlar BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam va ishlar agentligi (UNRWA)ga ham taalluqli bo‘lib, ushbu tashkilot xodimlari HAMAS bilan aloqadorlikda ayblangach, 2025 yildan beri Isroildagi faoliyati qonunan taqiqlangan.

Shuningdek, o‘nta davlat Tashqi ishlar vazirlari Isroil hukumatini shoshilinch tibbiy asbob-uskunalar va uy-joy qurilishi materiallarini o‘z ichiga olgan “ikki maqsadli tovarlar” importiga qo‘yilgan asossiz cheklovlarni bekor qilishga chaqirgan. Ular G‘azo sektoriga gumanitar yordam oqimini ko‘paytirish uchun o‘tish punktlarini ochish zarurligini ham ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Isroil Birlashgan Millatlar Tashkiloti G'azo HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing