Isroil G‘azo janubidan quruqlikdagi qo‘shinlarini olib chiqdi

Olam

image

Isroil mudofaa kuchlari G‘azo sektori janubidan bitta brigadadan tashqari barcha quruqlikdagi qo‘shinlarini olib chiqib ketdi. Bu haqda “Reuters” va “The Times of Israel” xabar berdi. 

Hozir G‘azo sektorida faqat “Nahal” piyodalar brigadasi qolgan. Unga G‘azo sektori orqali Isroil janubidagi Beeri hududidan qirg‘oqqa o‘tuvchi Netsarim yo‘lagining xavfsizligini ta’minlash vazifasi yuklangan. Bu Isroil harbiylariga sektorning shimoliy va markaziy qismlarida reydlar o‘tkazish imkonini beradi va falastinlik qochqinlarning shimolga qaytishiga yo‘l qo‘ymaydi.

“Reuters” xabariga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish Isroilning janubdagi Misr bilan chegaradosh Rafah shahriga bostirib kirishini kechiktiradimi yoki yo‘qmi, noma’lum. U yerda bir yarim millionga yaqin falastinliklar qolmoqda, ularning aksariyati mintaqaning shimoliy hududlaridan kelgan qochqinlardir.

“The Jerusalem Post” gazetasining yozishicha, Isroil urushning faol bosqichi tugaganini e’lon qilib, “kelajakda Rafahga bostirib kirish imkoniyatini ochiq qoldirgan”. Isroil armiyasining yuqori martabali mulozimining aytishicha, qo‘shinlarni olib chiqish qarori AQSH bosimiga "hech qanday aloqasi yo‘q". Biroq, “The Jerusalem Post”ning qayd etishicha, qo‘shinlarning olib qo‘yilishi AQSH Prezidenti Jo Bayden Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan suhbatlashganidan ikki kun o‘tib amalga oshirilgan.

Qo‘shinlarning olib chiqilishi Misr HAMAS asirligida qolgan isroillik garovga olinganlarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatishga oid kelishuv bo‘yicha muzokaralarning yangi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda yuz berdi. Kelishuv bo‘yicha muzokaralar yanvar oyidan beri davom etmoqda, biroq hozircha kelishuvga erishilmagan.

Ma’lumot uchun, 16 mart kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo sektori janubida qolgan so‘nggi shahar bo‘lgan Rafahga bostirib kirish rejasini tasdiqladi. Isroil qo‘mondonlari bosqinni u yerda yashiringan deb hisoblangan HAMAS yetakchilariga yetib borish uchun zarur deb hisoblaydi. Amerika Qo‘shma Shtatlarida Isroil armiyasining Rafahdagi rejalari qoralanib, Rafahda ko‘chirilgan falastinliklarning qochadigan joyi yo‘qligiga ishora qilib, harbiylarning maqsadli amaliyotlar o‘tkazishini taklif qilmoqda.

4 aprel kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden Netanyaxu bilan telefon orqali suhbatlashdi. “Politico” nashrining xabar berishicha, Bayden Netanyaxuga Oq uyning sabr-toqati tugab qolganini aytgan. Bu suhbatdan so‘ng Isroil Erez o‘tish joyi va mamlakat janubidagi Ashdod portini G‘azo sektoriga insonparvarlik yuklari uchun ochishini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Misr Isroil Jo Bayden G'azo HAMAS Bin'yamin Netan'yaxu Rafah

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing