Isroil G‘azo sektoriga yoppasiga hujum boshlanganini e’lon qildi

Olam

image

Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant kecha, 10 oktyabr mamlakat armiyasi G‘azo sektoriga “to‘liq ko‘lamli hujum” boshlaganini aytdi. Bu haqda “The Times of Israel” xabar berdi.

"Men barcha cheklovlarni olib tashladim, biz hudud ustidan nazoratni tikladik va keng ko‘lamli hujumga o‘tyapmiz", degan Galant.

Isroil Mudofaa vazirligi rahbari G‘azo bilan chegarada joylashgan qo‘shinlarga murojaati chog‘ida alohida nutq so‘zladi.

"HAMAS G‘azoda o‘zgarishlarni xohladi va holat u o‘ylaganidan 180 gradusga o‘zgaradi. Ular shu daqiqadan pushaymon bo‘lishadi. Endi G‘azo hech qachon avvalgi holiga qaytmaydi", deya qo‘shimcha qilgan Galant.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa AQSH Prezidenti Jo Baydenga uning mamlakati G‘azo sektorida HAMASga qarshi quruqlikdan operatsiya boshlashdan boshqa chorasi yo‘qligini aytgan.

"Biz ichkariga kirishimiz kerak. Hozir muzokara qilib o‘tirishdan foyda yo‘q", degan Netanyaxu.

Isroil-Falastin 

Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi.  Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida 900 nafar falastinlik halok bo‘lgan, ularning yarmiga yaqini ayollar va bolalar. Isroil tomonidan qurbon bo‘lganlar esa ming nafarga yetgan.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo sektori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing