Isroil G‘azo sektoriga havo hujumi yo‘lladi
Olam
−
16 iyun 2021
7449Bugun, 16 iyun kuni Isroil harbiy-havo kuchlari samolyotlari HAMAS harakatining G‘azo sektoridagi o‘quv lageriga hujum qildi. Bu haqda HAMAS harakati radiosi ma’lum qilgan. Isroil armiyasi hujumlarni tasdiqlagan va ushbu ob’ektlar “terrorchilik faoliyati olib borilgan” lagerlar va uchrashuv joylari ekanini ta’kidlagan.
“The Times of Israel” nashriga ko‘ra, G‘azo sektori tomonidan amalga oshirilayotgan hujumlar oldida Isroil mudofaa kuchlari barcha mumkin bo‘lgan ssenariylarga, shu jumladan jangovar harakatlarni qayta boshlashga tayyor.
Armiya, shuningdek, uning harakatlari sektordan portlovchi havo sharlarining uchirilishiga javoban ekanini tasdiqlagan. Ta’kidlanishicha, aholi yashamaydigan hududda 20 ga yaqin portlash qayd etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, HAMAS kecha, 15 iyun kuni Sharqiy Quddusda Isroil millatchilarining yurishiga javoban choralar ko‘rish bilan tahdid qilgan. Isroilning yangi Bosh vaziri Naftali Bennet hukumat portlovchi havo sharlari uchirilishiga toqat qilmoqchi emasligi va teng ravishda javob choralari ko‘rilishi kerakligi haqida ogohlantirgan.
Isroilning G‘azo sektoriga yo‘llagan hozirgi aviazarbasi 21 may kuni sulh kuchga kirganidan beri birinchi marta amalga oshirilmoqda.
LiveBarchasi