G‘azoda Isroil tashlagan snaryadni topib olgan 9 yoshli bola fojiali halok bo‘ldi
Olam
−
11 iyun 2021
10342Kecha, 10 iyun kuni G‘azoda Isroil-Falastin munosabatlari keskinlashib, to‘qnashuvlar avj olgan vaqtda portlamay qolgan qurolni topib olgan bolakay halok bo‘ldi. Bu haqda PIS nashri xabar bermoqda.
Nashr muxbirining so‘zlariga ko‘ra, to‘qqiz yoshli Ubayda ad-Daxduh Az-Zeytun hududiga Isroil tomonidan tashlangan snaryadning portlashi natijasida og‘ir jarohat olib, vafot etgan.
Shu tariqa, G‘azoda bir necha kunlik urush natijasida halok bo‘lganlar soni 261 taga yetdi.
Isroil-Falastin mojarosining keskinlashishi
Joriy yilning 7 may – Ramazon oyining oxirgi Juma kuni, Quddusdagi Al-Aqso masjidi atrofida tartibsizliklar boshlandi. Bunga Isroil politsiyasi tomonidan falastinlik arablar taroveh namozini o‘qiyotgan ushbu masjidga hujum qilingani sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, Isroil sudi Shayx Jarroh mahallasida yashovchi arab oilalarini ko‘chirish to‘g‘risida qaror chiqardi. Chunki bu yerlarga yahudiylar da’vo qilib keladi.
Shundan so‘ng, G‘azoni nazorat qiluvchi falastinliklarning HAMAS harakati Isroilni ogohlantirdi: Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi va Shayx Jarroh mahallasidan askarlarni olib chiqib ketish uchun mahalliy vaqt bilan soat 18:00 gacha muddat qo‘ydi.
Shart bajarilmagach, 10 may kuni ushbu harakat Isroilning bir qator shaharlarini 45 ta raketa bilan o‘qqa tutdi. Biroq Isroilning havo hujumiga qarshi "Temir gumbaz" mudofaa tizimi ushbu 45 raketaning katta qismini osmonning o‘zida zararsizlantirdi. Ba’zilari esa aholi yashash punktiga tushdi. Vaqt o‘tishi va ikki o‘rtadagi ziddiyat ortib borishi bilan bu ssenariy ko‘p marta takrorlandi. HAMAS raketa uchiraverdi, Isroil uning katta qismini zararsizlantirib, qarshi hujum bilan javob qaytaraverdi.
Isroil sudining birgina qarori va masjidga qilingan hujum shunday shiddatli harbiy harakatlarni keltirib chiqardi. Oqibatda esa G‘azo sektorida yashovchi 232 arab halok bo‘ldi, 1900 ga yaqin jarohat oldi.
Isroil bilan davom etayotgan to‘qnashuvlar fonida Falastin Prezidentining din ishlari bo‘yicha maslahatchisi Mahmud al-Habbash mintaqada uzoq davom etadigan diniy urush boshlanishi xavfi mavjudligini ma’lum qildi.
Joriy yilning 20 may kuni Isroil va HAMAS o‘zaro sulhga erishdi. Tomonlar o‘t ochishni to‘xtatdi va mintaqadagi keskinlik barham topdi.
LiveBarchasi