Isroil eronlik harbiy maslahatchini yo‘q qilgani aytilmoqda
Olam
−
02 fevral
5331Isroil kuchlari Suriya poytaxti Damashqning janubidagi bir qancha nishonlarga zarba berdi. Bu haqda bugun, 2 fevral kuni Suriya Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
“Bugun ertalab soat 04:20 atrofida Isroil bosib olingan Golan tepaliklaridan havo hujumini amalga oshirib, Damashq janubidagi bir qator nishonlarga hujum qildi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Ta’kidlanishicha, Isroil tomoni otgan raketalarning bir qismi Suriya havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilgan. Bunga qaramay, hujum moddiy zarar keltirgan.
“Al Arabiya” telekanalining xabar berishicha, Isroilning havo hujumi oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lgan. Eronning Student News Network (SNN) telekanali esa hujum oqibatida Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusi maslahatchisi Said Alidadiy halok bo‘lganini aytmoqda.
O‘z navbatida, “Sky News Arabiya” hujum qurbonlari soni uch nafarga yetganini xabar qilmoqda. Unga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida Eron va Iroq fuqarolari ham bor.
Ma’lumot uchun, 29 yanvar kuni SANA agentligi Suriya Mudofaa vazirligiga tayanib, Isroil harbiy-havo kuchlarining Damashq chekkasiga bergan zarbasi chog‘ida bir necha tinch aholi halok bo‘lgani haqida xabar bergan. “Al Hadath” telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, zarba nishoni Suriya poytaxti yaqinidagi Seyida Zaynab chekkasida bo‘lib, u yerda Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusining “Al-Quds” maxsus kuchlarining eronlik maslahatchilari qarorgohi joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida Suriyadagi Eron Inqilobiy Gvardiyasi qo‘mondonlaridan biri Rozi Musaviy ham Damashq yaqinida Isroil harbiy amaliyoti oqibatida halok bo‘lgandi.
LiveBarchasi