Isroil Eronga hujumni kengaytirmoqchi
Olam
−
14 iyun 4882 2 daqiqa
Isroil hukumati Eron yadroviy dasturiga qarshi harbiy operatsiyani kengaytirish haqida qaror qabul qilgan. Bu haqda Isroil Bosh vaziri devoni maslahatchisi Dmitriy Gendelman o‘zining Telegram -kanalida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil armiyasi (SAXAL) Eron hududida yadroviy dasturga qarshi keng qamrovli operatsiyani davom ettirmoqda. Bu Tehrondagi hukumatning harakatlariga javob sifatida amalga oshirilmoqda.
“Zarba aniq razvedka ma’lumotlariga asoslanib, ballistik raketalarni uchirish moslamalari, harbiy bazalar va strategik infratuzilma kabi o‘nlab muhim ob’ektlarga yo‘naltirilgan. Isroil davlati bizni ochiqchasiga yo‘q qilishga chaqirayotgan rejimning ommaviy qirg‘in quroli yaratishga yaqinlashishiga yo‘l qo‘ymaydi”, deb yozgan u.
Gendelmanning aytishicha, Eron Isroilni yo‘q qilishga qaratilgan keng ko‘lamli faoliyat olib bormoqda.
“Biz qat’iy harakat qilmoqdamiz – xavfsizligimiz va yashash huquqimiz yo‘lida”, deydi u.
Isroilning Eronga hujumi
Kecha, 13 iyun kuni Isroil Eronga qarshi zarba berishni boshladi va bu operatsiyani “Sherlar olami” deb nomladi. Zarba ob’ektlari sifatida Tehron, Natanz, shuningdek, Kirmonshoh va Xaramobod hududlari tanlangan. Hujumlarda harbiy bazalar, Eron havo hujumidan mudofaa tizimlari va Eron Islomiy inqilobiy gvardiyasi vakillari joylashgan turarjoy majmualari nishonga olingan.
Isroil zarbalari oqibatida bir necha yuqori lavozimli harbiy xizmatchilar va yadroviy fiziklar yo‘q qilingan. Qolaversa, tinch aholi orasidan ham 60 kishi vafot etgani taxmin qilinmoqda.
Eronning Isroilga javobi
Isroil tomonidan Eronga qarshi amalga oshirilgan keng ko‘lamli hujumlardan so‘ng, Eron Isroilga qarshi o‘z javob zarbalarini yo‘lladi. Eron harbiy kuchlari tomonidan Isroil hududiga qarata 200 dan ortiq dron va ballistik raketalar uchirilgan. Isroil Mudofaa kuchlari ushbu zarbalarni tasdiqlagan va havo mudofaa tizimlari zudlik bilan ishga tushirilgan. SAXAL rasmiy bayonotida aytilishicha, Isroil havo mudofaasi katta miqdordagi hujumchi dron va raketalarni tutib qolishga muvaffaq bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan va 10 dan ortiq kishi jarohat olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil tomonidan Eronga uyushtirilgan hujum oqibatida “Al-Quds” maxsus bo‘linmasining qo‘mondoni, Islom inqilobi soqchilari korpusi generali Ismoil Qaaniy halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.