Isroil Eron bilan urushga qancha mablag‘ sarflamoqda?
Olam
−
20 iyun
10226Isroilning Eron bilan davom etayotgan qurolli mojarodagi harbiy xarajatlari kuniga yuzlab million dollarni tashkil qilmoqda. Bu haqda o‘z tahlilchilariga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Ekspertlar hisob-kitobiga ko‘ra, harbiy harakatlar bir oyda Isroilga 12 milliard dollarga tushishi mumkin. Faqat havo hujumiga qarshi mudofaa vositalaridan foydalanishning o‘ziga kuniga 200 million dollargacha mablag‘ sarflanmoqda. Eron zarbalaridan keyingi infratuzilma va uy-joylarni tiklash ishlari esa kamida 400 million dollarga tushadi.
Bu darajadagi moliyaviy yuk Isroilning uzoq muddatli harbiy harakatlarni olib borish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Isroildagi Milliy xavfsizlik tadqiqotlari instituti eksperti Yegoshua Kalinskiyning aytishicha, “David’s Sling” deb nomlanuvchi havo mudofaa tizimini faollashtirish har bir holatda 700 million dollarga tushadi. Shuningdek, “Strela-3” tizimi orqali bitta raketani yo‘q qilish uchun 4 million dollar sarflanadi. Zamonaviy F-35 qiruvchi samolyotining bir soatlik parvozi 10 ming dollarni tashkil qiladi.
Mutaxassislarning fikricha, bunday ulkan xarajatlar bilan Isroil hukumati mojaroni imkon qadar tezroq yakunlashga harakat qilyapti.
Isroil-Eron urushi
Joriy yilning 13 iyun kuni Isroil fors davlatining turli shaharlarida yadroviy inshootlarga va Eron oliy harbiy rahbariyatining joylashuviga keng ko‘lamli zarbalar berishni boshladi. Hujumlarda Eron bosh shtab boshlig‘i, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bosh qo‘mondoni, bir qancha yuqori martabali harbiy amaldorlar va to‘qqiz nafar eronlik yadro olimi halok bo‘lgan. Eronda 13 iyun kunidan beri kamida 585 kishi halok bo‘ldi, 1300 dan ortiq kishi jarohatlandi.
Eron bunga javoban Isroilga ballistik raketa hujumi uyushtirdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida 24 kishi halok bo‘lgan, 500 dan ortiq kishi jarohatlangan.