Isroil elchisi Rossiya TIVga chaqirtirildi
Olam
−
05 fevral
18521Bugun, 5 fevral kuni Isroilning Moskvadagi elchisi Simona Galperin Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
“Isroil elchisining Rossiya tashqi siyosatidagi yondashuvlari va tarixiy voqelikni buzib ko‘rsatuvchi nomaqbul bayonotlari munosabati bilan Galperin Tashqi ishlar vazirligiga chaqiriladi”, deyilgan Smolenskaya maydonida jurnalistlarga.
Bundan tashqari, Galperinning ba’zi bayonotlari ikki mamlakat xalqlari manfaatlari yo‘lidagi munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan diplomatik missiyaning o‘ta muvaffaqiyatsiz boshlanishi ekani ta’kidlandi.
Qayd etish joizki, yanvar oyida Isroil elchisi sifatida ish boshlagan Simona Galperin “Kommersant” gazetasiga bergan intervyusida Rossiya rahbariyatining HAMAS bilan aloqalarini keskin tanqid qilgan.
"Moskvada HAMAS a’zolarini kutib olishadi, quchoqlashadi va ularning oldiga gilam yoyishadi. Biz buni tushunolmaymiz. Rossiyada ular garovga olinganlarni ozod qilish uchun bu muzokaralar olib borilayotganini aytishadi. Lekin tez orada odamlarning garovda qolayotgani va qo‘yib yuborilmayotganiga to‘rt oy bo‘ladi", degan elchi.
Galperinning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrda HAMASning Isroilga qarshi keng ko‘lamli hujumidan so‘ng Rossiya o‘zining Yaqin Sharq siyosati bilan “isroilliklarga, jumladan, rus tilida so‘zlashuvchilarga hamdardligini yo‘qotmoqda”.
“O‘zi terror xurujlaridan jabr ko‘rgan Rossiya Isroilning terrorizmga qarshi kurashini qo‘llab-quvvatlamaydi, aksincha, Isroilni genotsidda ayblab, Xalqaro sudga bema’ni da’vo arizasi bilan chiqqan Janubiy Afrika Respublikasi bilan hamjihatlikda”, deya qo‘shimcha qilgan diplomat.
Eslatib o‘tamiz, 19 yanvar kuni HAMASning Xalqaro aloqalar byurosi rahbari Muso Abu Marzuk boshchiligidagi delegatsiyasi Moskvada Rossiya Prezidentining Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlari bo‘yicha maxsus vakili, Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov bilan uchrashgandi. Tomonlar falastinliklar qirg‘iniga chek qo‘yish uchun G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga erishish yo‘llarini muhokama qildi. Bogdanov HAMAS tomonidan asirga olingan tinch aholi, jumladan, uch nafar Rossiya fuqarosini tezroq ozod qilishni so‘radi.