Isroil Bosh vazirligiga nomzodimni qo‘yishim mumkin – Tramp
Olam
−
23 Sentabr
8055Oq uyning sobiq rahbari, AQSHda joriy yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida Respublikachilar partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Donald Tramp Isroilda bosh vazirlikka nomzodini qo‘ya olishi ehtimoldan yiroq emasligini bildirdi. Bu haqda u joriy yilning 20 sentyabr kuni “Amerikada antisemitizmga qarshi kurash” tadbirida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.
“Isroilda mening reytingim 99 foizga teng. Hamma meni sevadi. Bosh vazirlikka nomzodimni qo‘yishim mumkin, lekin buning uchun tilingizni o‘rganishim kerak. Albatta, bu oson ish emas. Lekin unutmang: men Isroildagi eng mashhur odamman!”, degan Tramp.
Tramp Demokratik partiyadan davlat rahbari lavozimiga nomzodga ovoz berishni rejalashtirayotgan amerikalik yahudiylar va AQSH vitse-prezidenti Kamola Harrisning ajdodlarini tekshirish kerakligini aytgan. Respublikachi nomzodga ko‘ra, agar u saylovda mag‘lub bo‘lsa, yahudiy xalqi jiddiy yo‘qotishlarga duchor bo‘ladi va Isroil ikki yildan keyin mavjud bo‘lmaydi.
19 sentyabr kuni Tramp Oq uyda bo‘lgan vaqtida Isroil uchun ko‘p ish qilgani, ammo hozirda amerikalik yahudiylarning atigi 24 foizi saylovlarda unga ovoz berishga tayyorligini aytib o‘tgan.
Donald Tramp, shuningdek, agar shu yilgi prezidentlik saylovlarida yutqazsa, 2028 yilgi saylovlarda ishtirok etmasligini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, 11 sentyabr kuni AQSHning Filadelfiya shtatida respublikachi Donald Tramp va demokrat Kamola Harris o‘rtasida joriy yilning 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan mamlakat prezidentligi uchun saylovdan oldin birinchi teledebat bo‘lib o‘tdi. SNN nashriga ko‘ra, Harris bahsda ustun kelgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Respublikachilar partiyasidan AQSH prezidentligiga nomzod Donald Tramp demokrat raqibi Kamola Harris bilan ikkinchi teledebatda qatnashishdan bosh tortdi. Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Harrisni “jangda mag‘lub bo‘lgan bokschi”ga qiyosladi va go‘yoki “revansh jangini xohlayotganini” yozdi.