Isroil Bosh vaziri Falastin davlati tuzilishini qo‘llashini aytdi. Uning bir sharti bor

Olam

image

Falastin-Isroil mojarosini xalqlarning har biri uchun ikkita davlat tuzish orqali hal qilish Isroil manfaatlariga mos keladi. Bu haqda kecha, 22 sentyabr kuni Isroil Bosh vaziri Yair Lapid BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.

“Falastinliklar bilan ikki xalq uchun ikki davlatga asoslangan kelishuv Isroil xavfsizligi, Isroil iqtisodiyoti va farzandlarimizning kelajagi uchun to‘g‘ri narsa”, deydi u.

Lapidning qo‘shimcha qilishicha, ko‘pchilik isroilliklar, jumladan, o‘zi ham mojaroni hal qilishning bu usulini qo‘llab-quvvatlaydi.

“Bizda faqat bitta shart bor: bo‘lajak Falastin davlati tinch bo‘lishi, u Isroilning farovonligi va mavjudligiga tahdid soluvchi boshqa terrorchilar bazasiga aylanmasligi kerak”, deb tushuntirdi Bosh vazir.

Uning ta’kidlashicha, Isroil “barcha fuqarolarining xavfsizligini istalgan vaqtda himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi” kerak.

“Agar kimdir buni haddan tashqari talab deb hisoblasa, bizning qo‘shnilarimizga qarasin: Livanga, [shia guruhi] “Hizbulloh” nazorati ostidagi vayron bo‘layotgan davlatga qarang; qonxo‘r rejim o‘zining yarim million aholisini o‘ldirgan Suriyaga qarang”, deydi Lapid.

“Isroil Bosh vaziri, shuningdek, mamlakatining iqtisodiy va harbiy qudrati unga o‘zini himoya qilish va shu bilan birga butun arab dunyosi, jumladan, falastinliklar bilan tinchlikka intilish imkonini berishini ta’kidladi. 

“Tinchlik murosa emas. U biz qabul qila oladigan eng jasoratli qaror. Tinchlik zaiflik emas. U inson ruhining barcha qudratini o‘zida mujassam etgan. Urush – bu bizdagi barcha yomonliklarga taslim bo‘lish. Tinchlik – barcha yaxshi narsalarning g‘alabasi”, deya ishonch bildirdi Lapid.


Maqola muallifi

Teglar

Falastin Isroil

Baholaganlar

664

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing