Isroil bir yil ichida G‘azoda 40 mingdan ortiq nishonga zarba berdi
Olam
−
07 Oktabr
1647So‘nggi bir yil ichida Isroil G‘azo sektorida 40,000 dan ortiq nishonni bombardimon qildi. G‘azodan Isroilga esa 13 200 ta raketa uchirildi. Bu haqda “Reuters” e’lon qilgan o‘tgan yilning 7 oktyabrida boshlangan HAMAS va Isroil o‘rtasidagi mojaroga oid statistik ma’lumotlarda so‘z boradi.
Isroil armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning 7 oktyabridan buyon 726 isroillik askar halok bo‘lgan, ulardan 380 nafari 7 oktyabr voqealarida va 346 nafari 2023 yil 27 oktyabrda boshlangan G‘azodagi janglarda vafot etgan. Shuningdek, shu muddat ichida 4 576 askar jarohat olgan, 56 askar esa operatsion baxtsiz hodisalar oqibatida halok bo‘lgan. Urush boshlangandan beri 300 000 zaxiradagi askar chaqirilgan bo‘lib, ularning 82 foizini erkaklar va 18 foizini ayollar tashkil qiladi, deyarli yarmi esa 20-29 yosh oralig‘ida bo‘lgan.
Nashrning yozishicha, G‘azodan Isroilga 13 200, Livandan esa 12,400 raketa uchirilgan. Suriya, Yaman va Eron kabi davlatlardan ham Isroilga raketalar otilgan.
Qayd etilishicha, Isroil armiyasi Livanda 800 dan ortiq “Hizbulloh”ga aloqador shaxslarni o‘ldirgan va 4,900 havo nishoni va 6,000 quruqlikdagi nishonlarga zarba yo‘llagan. Shu davr mobaynida Isroil G‘arbiy sohilda va Iordan vodiysida 5,000 dan ortiq odamni hibsga olgan. Bundan tashqari, o‘tgan bir yil davomida G‘azoda sakkizta brigada qo‘mondoni, 30 ga yaqin batalon qo‘mondoni va 165 ta rota qo‘mondoni Isroil tomonidan o‘ldirilgan.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilning G‘azoga qarshi bosqinida qariyb 42,000 falastinlik halok bo‘lgan, 97 303 kishi yaralangan. Halok bo‘lganlar orasida nafaqat tinch aholi balki, 116 nafar jurnalist va ommaviy axborot vositalari xodimlari ham bo‘lgan. 2,3 million aholiga ega G‘azoning 1,9 million aholisi uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘azodagi genotsidning 1 yilligiga oid fotoreportaj e’lon qilingan edi.
LiveBarchasi