Isroil askarlari o‘ldirgan Hind Rajab haqidagi film rekord o‘rnatdi (video)
Madaniyat-san’at
−
05 Sentabr 10688 3 daqiqa
Ko‘z yoshlari, “Falastin ozod bo‘lsin ” shiorlari va Falastin bayroqlari hilpirashi ostida o‘tgan “Hind Rajabning ovozi” nomli haqiqiy voqealarga asoslangan draman mashhur Venetsiya kinofestivalidagi ilk namoyishida 23 daqiqadan ortiq davom etgan olqishga sazovor bo‘ldi. Bu film o‘tgan yili G‘azo shahrida isroillik harbiylar tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldirilgan besh yashar qizchaning so‘nggi bor oilasini qutqarishlarini so‘rab yolvorishi haqida hikoya qiladi.
Joriy yilning 3 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan premerada namoyish etilgan ta’sirli hujjatli film Falastin Qizil Yarim Oy jamiyatining Hind Rajab bilan olib borgan soatlab davom etgan suhbati asosida ishlangan. Qizaloq ammasi, tog‘asi va uch nafar qarindoshi Isroil askarlarining o‘qi tufayli halok bo‘lgan mashinada tirik qolgan holda qo‘rqinchli daqiqalarni boshidan kechirgan.
2024 yilning 29 yanvarida uyushtirilgan hujum paytidagi asl audioyozuvlarda Rajab yig‘lab, Qizil Yarim Oy xodimlariga “Iltimos, oldimga kelinglar, iltimos. Men qo‘rqyapman”, deb yolvorganini, shu paytda esa atrofda o‘q ovozlari yangraganini eshitish mumkin.
Uch soatlik kutishdan keyin Isroil armiyasi qizaloq bo‘lgan mashinaga tez yordam yuborishga ruxsat bergan. Ammo mashina uning yoniga yetib kelgan zahoti qizaloq bilan aloqa uzilgan. Oradan bir necha kun o‘tgach, Rajabning jasadi uning qarindoshlari bilan birga topilgan. Uni qutqarishga harakat qilgan, biroq Isroil tomonidan yo‘q qilingan tez yordam mashinasidan ham ikki xodimning jasadi chiqarib olingan.
Film rejissyori Kauter Ben Xoniyaning jurnalistlarga aytishicha, dunyo OAV G‘azoda o‘layotgan insonlarni “tasodifiy qurbonlar” sifatida tasvirlaydi.
“Menimcha, bu juda ham insoniylikdan mahrum qiluvchi holat. Shuning uchun ham kino, san’at va har qanday ifoda turi o‘sha odamlarga ovoz va qiyofa berishda juda muhimdir”, deydi Ben Xoniya.
Rajabning onasi Vissam Hamada AFP'ga bergan intervyusida film urushni tugatishga yordam berishidan umidvor ekanini aytgan.
“Butun dunyo bizni o‘lishga, och qolishga, qo‘rquv ichida yashashga va majburan ko‘chirilish holatiga tashlab qo‘ydi. Hech narsa qilishmadi”, deydi Hamada G‘azo shahridan telefon orqali.
Ona u yerda hozir besh yoshli o‘g‘li bilan yashab kelmoqda.
2024 yilning iyun oyida “Al Jazeera” telekanalining “Fault Lines” dasturi hujum bo‘yicha surishtiruv o‘tkazib, Forensic Architecture va Earshot nomli nodavlat tekshiruv guruhlari bilan hamkorlikda hodisa tafsilotlarini qayta tiklagan. Ularning xulosasiga ko‘ra, o‘q uzilgan paytda Isroil tanki Rajabning mashinasidan atigi 13-23 metr uzoqlikda bo‘lgan.
Shuningdek, 2024 yilning iyulida Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham sud-tibbiy tahlillarga asoslanib, Rajabning mashinasi “faqat isroillik harbiylarga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan qurol”dan juda yaqin masofadan o‘qqa tutilganini tasdiqlagan.
Isroil armiyasi esa o‘z askarlarining qizaloq bo‘lgan mashinaga o‘q otish masofasida bo‘lmaganini iddao qilib, o‘z qilmishini tan olmagan. Ammo joriy haftada ushbu holat bo‘yicha yana so‘rov yuborilgan. Isroillik rasmiylar esa voqea hanuz o‘rganilayotgani va qo‘shimcha izoh bera olmasligini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi