Isroil armiyasi Rafahga hujum rejasini Vazirlar Mahkamasiga taqdim etdi
Olam
−
26 fevral
3444Isroil armiyasi harbiy Vazirlar Mahkamasiga "evakuatsiya" va blokadadagi G‘azo sektorining eng janubiy aholi punkti bo‘lgan va milliondan ortiq ko‘chirilgan falastinliklar boshpana topgan Rafah shahriga hujum qilish rejasini taqdim etdi. Bu haqda Isroil Bosh vaziri ma’muriyati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, reja kecha, 25 fevral kuni kechqurun taqdim etilgan.
“Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi jangovar hududlardan odamlarni evakuatsiya qilish va bo‘lajak operatsiya rejasini harbiy Vazirlar Mahkamasiga taqdim etdi”, deyiladi xabarda.
Mintaqaning nomi aytilmagan bo‘lsa-da, Isroil matbuoti gap Rafahga hujum qilish va u yerda boshpana topgan falastinliklarni evakuatsiya qilish rejasi haqida ketayotganini yozmoqda.
Bundan tashqari, Isroil Bosh vaziri ma’muriyati harbiy Vazirlar Mahkamasi "G‘azo sektoriga gumanitar yordam ko‘rsatish rejasini" ma’qullaganini e’lon qildi.
Qayd etish joizki, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 9 fevral kuni armiyaga Rafahdagi tinch aholini “evakuatsiya qilish” va mintaqaga hujumlar rejasini harbiy Vazirlar Mahkamasiga taqdim etishni buyurgan.
Ma’lumot uchun, Misr bilan chegaradosh Rafah shahrida 2023 yil 7 oktyabrdagi Isroil hujumlaridan oldin 280 mingga yaqin falastinlik yashagan. Hujumlar boshlanganidan beri G‘azo sektoridagi 1,9 million falastinlik o‘z uylarini tashlab ketgan, ularning katta qismi Isroil avvalroq "xavfsiz hudud" deb e’lon qilgan Rafahdan boshpana topgan.
Shu tariqa, Rafah aholisi besh baravar ko‘payib, 1,5 million kishiga yetdi. Ko‘chirilgan odamlar oziq-ovqat, toza ichimlik suvi, yoqilg‘i va dori-darmon tanqisligi sharoitida yashashga, boshpana sifatida brezent va plastmassadan chodirlar qurishga majbur bo‘lmoqda.
Shahar tez-tez Isroil armiyasi tomonidan havo hujumlariga uchramoqda. Shaharga keng ko‘lamli hujumlar uyushtirilsa, yuz minglab falastinliklarning qochadigan joyi qolmaydi.
Eslatib o‘tamiz, 12 fevralga o‘tar kechasi Isroil Qurolli kuchlari Rafahga yirik zarbalar bergandi. Portlashlar oqibatida 100 kishi halok bo‘lgan, 230 dan ortiq kishi jarohatlangandi. AQSH Prezidenti Jo Bayden esa Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefon suhbatida tinch aholini himoya qilish bo‘yicha aniq rejalarsiz Rafah shahrida harbiy operatsiya o‘tkazmaslikni tavsiya qildi. Netanyaxu CBC News telekanaliga bergan intervyusida Isroil va HAMAS o‘rtasida mahbuslar almashinuvi bo‘yicha kelishuvga erishilsa, Isroilning Rafah shahriga hujumi "keyinga surilishi" mumkinligini aytdi.
LiveBarchasi