Isroil armiyasi HAMAS yetakchilaridan birining uyiga zarba berdi
Olam
−
16 noyabr 2023 5809 1 daqiqa
Kecha, 15 noyabr kuni kechasi Isroil mudofaa kuchlari HAMAS siyosiy byurosi raisi Ismoil Xoniyaning G‘azodagi uyiga zarba berdi. Bu haqda armiya matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 16 noyabrga o‘tar kechasi Isroil qiruvchi samolyotlari Ismoil Xoniyaning qarorgohiga zarba bergan. Mazkur bino odatda tashkilotning yuqori martabali rahbarlari yig‘iladigan joy bo‘lgan.
HAMAS bunga qadar ikki marta Isroil harbiylari tomonidan harakatning sektordagi rasmiylari qarorgohlariga hujumlar uyushtirilganini e’lon qildi. Biroq Isroil armiyasi matbuot xizmati bunday hujum haqida birinchi marta xabar bermoqda.
“Mudofaa kuchlari G‘azo sektoridagi "Ash-Shati" qochoqlar lageridagi operatsiya chog‘ida HAMAS harbiy-dengiz kuchlarining qurol-yarog‘ omborini topgan va yo‘q qilgan. Unda sho‘ng‘ish uskunalari, portlovchi moslamalar va qurollar bo‘lgan”, deyiladi xabarda.
“The Times of Israel” nashrining qayd etishicha, Xoniyaning o‘zi bir necha yildan buyon Qatarda yashaydi.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi bir necha hafta ichida Xoniya Tehronda bir qator yuqori martabali eronliklar, jumladan, davlat rahbari, shuningdek, xavfsizlik va siyosiy sohadagi qator yuqori martabali arboblar bilan uchrashdi. Undan so‘ng esa Xoniya boshchiligidagi HAMAS yetakchilari Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashish uchun Turkiyaga bordi.