Isroil AQSHning Saudiya bilan tuzgan yadroviy kelishuvidan xavotirda – OAV

Olam

image

AQSH va Saudiya Arabistoni o‘rtasida podshohlikda Amerika texnologiyalari asosida yadro reaktorlari qurish hamda uranni boyitishga ruxsat beruvchi kelishuv Isroilda Yaqin Sharqda qurollanish poygasi boshlanishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, kecha, 22 iyul kuni e’lon qilingan va hali ham AQSH Kongressi tasdig‘idan o‘tishi lozim bo‘lgan kelishuv Saudiyaga fuqaroviy yadro dasturini rivojlantirish imkonini berishga qaratilgan.

Bosh vazir Binyamin Netanyaxu hamda uning Mudofaa va Tashqi ishlar vazirlari hozircha ushbu kelishuv yuzasidan izoh bermagan. Tanqidchilar esa mazkur kelishuv Isroilning uzoq muddatli xavfsizlik manfaatlariga putur yetkazishini aytmoqda.

“Isroilni chetlab o‘tib Saudiya bilan tuzilayotgan yadroviy kelishuv jiddiy strategik muvaffaqiyatsizlik bo‘lib, xavfsizligimizga tahdid soladi”, degan 27 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan saylovlarda Netanyaxuni mag‘lub etishga intilayotgan sobiq bosh vazir Naftali Bennet.

“Saudiya hududida uranni boyitish imkoniyati paydo bo‘lishi mintaqada yadroviy poygaga va xavfli darajada nazorat yo‘qolishiga olib kelishi mumkin”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Sobiq mudofaa vaziri Avigdor Liberman esa Saudiyadagi fuqaroviy yadro dasturi oxir-oqibat yadro quroliga aylanishi va butun Yaqin Sharq bo‘ylab aql bovar qilmas qurollanish poygasiga sabab bo‘lishini aytgan. Shuningdek, u mintaqadagi yagona yadroviy arsenalga ega davlat deb hisoblanadigan Isroil mazkur kelishuvga qarshi chiqishi va uni to‘xtatish uchun Kongressga bosim o‘tkazishi kerakligini ta’kidlagan.

Nashrning qayd etishicha, Saudiya bilan fuqaroviy yadro sohasidagi kelishuv g‘oyasi AQSH Prezidenti Donald Trampning birinchi ma’muriyati davrida ham, sobiq prezident Jo Bayden ma’muriyati davrida ham bir necha yil davomida muhokama qilingan. Biroq hozirgacha hech qanday kelishuvga erishilmagan edi. Bunga, jumladan, yadroviy qurol tarqalishining oldini olish bo‘yicha tashkilotlarning Saudiyaga yadro quroli yaratish yo‘lini ochib berishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishlari sabab bo‘lgan.

Isroilliklar bunday kelishuv Bayden rejasida nazarda tutilganidek, Isroil va Saudiya o‘rtasida uzoq kutilgan munosabatlarni normallashtirish kelishuvining bir qismi sifatida amalga oshishidan umid qilgan edi.

“Saudiyaga fuqaroviy yadro imkoniyatlarini berish, bu jarayonni mintaqadagi mo‘’tadil davlatlar ittifoqini shakllantirish bilan bog‘lamasdan turib amalga oshirish Isroil xavfsizligi uchun foydali qadam deb aytadigan birorta ham xavfsizlik amaldori yo‘q”, degan Isroilning sobiq mudofaa vaziri Benni Gans.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Saudiya Arabistonida yadroviy fuqarolik infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha 30 yillik bitimni ma’qullagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing