Tarixiy kelishuv: Saudiya AQSH ko‘magida uranni boyitmoqchi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistonida yadroviy fuqarolik infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha 30 yillik bitimni ma’qulladi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.

Bitim shartlariga ko‘ra, Amerika kompaniyalari Saudiya Arabistoniga yangi energetika reaktorlari va boshqa yadroviy texnologiyalarni yetkazib beradi.

Kelishuvning asosiy bandlaridan biriga ko‘ra, agar qo‘shma Amerika-Saudiya tadqiqotlari bunday qadam iqtisodiy jihatdan ham o‘zini oqlashini ko‘rsatsa, Amerika kompaniyalari Saudiya Arabistonida uranni boyitish zavodini qurishi mumkin bo‘ladi.

Saudiya Arabistoni rasmiy shaxslari anchadan beri bu kelishuv mamlakat o‘z ichki energetika ehtiyojlarini ta’minlash uchun fuqarolik yadroviy dasturini rivojlantirishi maqsadida zarurligini ta’kidlab kelardi. Podshohlik hukumati mavjud deb taxmin qilinayotgan uran rudasi zaxiralaridan mamlakat ichida energiya ishlab chiqarish uchun foydalanishni, bu esa o‘z navbatida eksport qilinadigan neft hajmini oshirish imkonini berishini kutmoqda.

Ar-Riyod dastur faqat tinchlik maqsadlarini ko‘zlashini da’vo qilmoqda. Shu bilan birga, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon 2018 yilda agar Eron yadro qurolini yaratsa, o‘z mamlakati ham buni amalga oshirishini aytgan.

Saudiya Arabistoni, shuningdek, qat’iyroq tekshiruvlar va inspektorlarning yadroviy ob’ektlarga kirishini kengaytirishni nazarda tutuvchi Xalqaro atom energiyasi agentligining (MAGATE) qo‘shimcha bayonnomasini imzolashdan bosh tortgan. Tramp ma’muriyati Vashington va Ar-Riyod o‘rtasidagi alohida kelishuv Amerika kompaniyalari tomonidan yetkazib beriladigan ob’ektlar ustidan yetarlicha nazoratni ta’minlashini bildirmoqda.

AQSH va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi bitim uni ma’qullashi kerak bo‘lgan Kongressda katta bahs-munozaralarni keltirib chiqarishi mumkin. Nashr suhbatlashgan ekspertlarning fikricha, Saudiya Arabistoniga uranni boyitish imkoniyatining berilishi Yaqin Sharqda yadroviy texnologiyalar tarqalish xavfini oshirishi mumkin.

“Saudiya Arabistoni qayerga borsa, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya va Misr ham o‘sha yerga boradi. Bularning barchasi baxtli yakun topishi haqidagi g‘oya illyuziyadan boshqa narsa emas”, deb hisoblaydi yadro qurolini tarqatmaslik masalalari bilan shug‘ullanuvchi AQSHning NPEC tadqiqot markazi direktori Genri Sokolski.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning sentyabr oyida Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif va Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud har ikki davlatga hujum sodir bo‘lgan taqdirda o‘zaro yordam ko‘rsatish bo‘yicha strategik mudofaa shartnomasini imzolagan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing