Isroil AQSH yordamiga muhtoj emas – Netanyaxu

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakat AQSHning moliyaviy yordamiga endi muhtoj emasligini bildirib, ko‘makdan voz kechish jarayonini joriy yilning o‘zidayoq boshlashni istashini ma’lum qildi. Bu haqda u joriy yilning 30 iyun kuni “Channel 14”ga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Netanyaxuning aytishicha, Isroil iqtisodiyoti mustaqil ravishda o‘zini ta’minlay oladigan darajaga yetgan.

“Men AQSH yordamini to‘xtatishni istayman. Bu ijtimoiy nafaqaga o‘xshaydi, men buni xohlamayman”, degan u.

Bosh vazirning aytishicha, AQSHdan olinayotgan mablag‘ Isroil yalpi ichki mahsulotining juda kichik qismini tashkil etadi va mamlakat uni o‘z mablag‘lari hisobidan qoplay oladi.

“Bizning iqtisodiyotimiz endi kichik iqtisodiyot emas. AQSHdan olayotgan yalpi ichki mahsulotimizning shu kichik qismini o‘zimiz moliyalashtira olamiz. Men bu jarayon joriy yilning o‘zidayoq boshlanishini istayman”, degan Netanyaxu.

Shuningdek, u hukumatining xavfsizlik va tashqi siyosatdagi pozitsiyasiga ham to‘xtalib, Falastin davlati tashkil etilishiga qarshi ekanini yana bir bor takrorlagan.

“Isroil yahudiy xalqining milliy davlatidir. Bu yerda hech qanday Falastin davlati tashkil etilmaydi”, degan u.

Netanyaxuning aytishicha, Isroil panjaralar ortida turib tahdidlarni kutib o‘tirmaydi va faol xavfsizlik siyosatini davom ettiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va Eron o‘rtasida erishilgan kelishuvning eng katta “qurboni” Isroilning Eronga nisbatan strategiyasi emas, balki mamlakat Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning siyosiy imiji bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing