Isroil 200 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi

Olam

image

Isroil G‘azo sektoridan garovga olingan to‘rt nafar harbiy ayolni ozod qilish evaziga 200 nafar falastinlik mahbusni qamoqdan ozod qildi. Bu haqda  “Galey Tzahal” radiostansiyasi xabar berdi.

Isroil va HAMAS o‘rtasida erishilgan sulh kelishuvining birinchi bosqichi doirasida asir almashishning ikkinchi raundida Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan 200 nafar falastinlik ozod qilindi.

"The Times of Israel" gazetasining Misr davlat televideniyesiga tayanib xabar berishicha, Isroil janubidagi Ksiot qamoqxonasidan ozod qilingan va deportatsiya qilinishi lozim bo‘lgan 70 nafar falastinlik mahbus Rafah chegara punktidan o‘tib, Misr tomoniga yetib borgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda qamoqxonadan ozod etilgan falastinliklarni Ramallohga olib ketayotgan avtobuslarning videolari tarqalmoqda. Qayd etilishicha, ozod qilinganlar orasida umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan 120 kishi ham bor. 

Ma’lumot uchun, Isroil, Falastinning HAMAS harakati, AQSH va Qatar vakillari 16 yanvar kuni kechqurun Dohada G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni rasman imzolagandi.  O‘sha kuni kechqurun HAMAS birinchi asirlar guruhini ozod qildi. Ular uch nafar shaxsdan iborat bo‘lgan. Isroil esa 90 falastinlik mahbusni ozod qilgan. “The Washington Post” nashrining yozishicha, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘ng qanot koalitsiyasidagi hamkorlariga HAMAS bilan sulhning birinchi bosqichidan so‘ng G‘azo sektorida harbiy operatsiyani qayta boshlashga va’da bergan.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 25 yanvar kuni Falastinning HAMAS harakati G‘azo sektorida saqlanayotgan to‘rt nafar isroillik ayolni Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi vakillariga topshirgandi. Ularni Isroil armiyasi (IDF) askarlari qabul qilib olgan. Umumiy hisobda ular asirlikda 477 kun o‘tkazgan.


Maqola muallifi

Teglar

mahbus Isroil G'azo kelishuv

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing