Isroil hukumati Shayx Jarrohdagi uyni vayron qilib, 18 nafar falastinlikni hibsga oldi 

Olam

11+

Isroil harbiylari Quddusning sharqiy qismida joylashgan Shayx Jarroh aholi punktidagi uyni vayron qildi. Qayd etilishicha, uy buzilishidan avval uning egalari Isroil hukumatining Shayx Jarroh hududini bosib olishiga qarshi chiqqan.   

Mahalliy matbuotga ko‘ra, 18 dan 19 yanvarga o‘tar kechasi soat 3:00 lar atrofida qurollangan Isroil maxsus kuchlari va politsiya Salhiyalar xonadoniga bostirib kirib, oila boshlig‘i Muhammad Salhiya va 6 nafar oila a’zosini hibsga olgan.  

Bundan tashqari, kuchishlatar tuzilmalar o‘sha paytda Salhiyalar oilasiga birdamlik bildirib chiqqan aholidan kamida 18 nafarini ham hibsga olgan. 

Mamlakatdagi qish tunlarining eng suvug‘i deya hisoblanayotgan yomg‘irli tunda oila uyidan kuch bilan chiqarilib, xonadon vayron qilib tashlangan. Oila a’zosidan biri bo‘lgan 19 yoshli Yasmin Salhiyaning matbuotga bildirishicha, Isroil hukumati xonadonni bir kun oldin elektr ta’minotidan uzib qo‘ygan. Politsiya hujum uyushtirgan kuni esa xonadon vakillariga qarshi ko‘zni yoshlantiruvchi granatadan foydalangan. 

“50 kishi atrofidagi politsiya xonadonimizga bostirib kirib, uyimiz erkaklarini do‘pposlay ketishdi. Ular uxlab yotgan otam va akalarimni urishdi, ularni olib ketishayotganda havo sovuq bo‘lishiga qaramasdan, ustlariga kiyim kiyib olishlariga ham qo‘yishmadi. Ular, hatto, ammamni ham kaltaklashdi”, deya bildirgan 19 yashar Yasmin “Al-Jazeera” telekanaliga.

Bundan tashqari, politsiya voqea joyiga yig‘ilgan faollar va jurnalistlarga qarata rezina o‘qlardan o‘t ocha boshlagan. Bir necha kishi jarohatlangani aytilmoqda.
 
Voqeaga guvoh bo‘lgan “Wadi Helweh” axborot agentligi rahbarining “Al-Jazeera”ga bildirishicha, kechki soat 3:30 larda voqea joyini 200 dan ortiq politsiya va maxsus kuchlar vakillari o‘rab olgan.

Yasminning qo‘shimcha qilishicha, xonadon vayron qilinganidan bir necha soat o‘tgan bo‘lishiga qaramay, Isroil politsiyasi hibsga olinganlar haqida na oila a’zolariga va na advokatlarga ma’lumot bergan. 

Vayron qilingan Salhiyalar xonadoni Quddusdan 1 km uzoqlikdagi maxsus devor bilan o‘rab olingan Shayx Jarroh aholi punktida joylashgan. 

Bildirilishicha, Quddusning Eski shahar qismida joylashgan Shayx Jarrohdagi qolgan aholining ham uylari Isroil hukumati tomonidan vayron qilinishi kutilmoqda.

Behruz Saidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Isroil

Baholaganlar

145

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing