Isroil hukumati HAMAS bilan kelishuvni tasdiqladi

Olam

image

Isroil hukumati G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va isroilliklarni garovga olganlarni ozod qilish bo‘yicha HAMAS bilan kelishuvni nihoyat tasdiqladi. Bu haqda bugun, 18 yanvarga o‘tar kechasi Bosh vazir Binyamin Netanyaxuning idorasi xabar berdi.

Bosh vazir idorasi o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish ertaga, 19 yanvar kuniyoq boshlanishini aytdi. Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishi sakkiz soat davom etdi.

Amerikaning "Axios" portaliga ko‘ra, Netanyaxu koalitsion hukumatidagi 24 vazir kelishuv uchun ovoz bergan, sakkiz nafari qarshi ovoz bergan. "Associated Press" agentligining yozishicha, hukumat yig‘ilishi yahudiylarning Shabbat kuni ishlamaslik an’analariga zid ravishda o‘tkazilgan, bu faqat istisno hollarda bo‘ladi.

Avvalroq Isroil harbiy-siyosiy Vazirlar Mahkamasi mamlakat hukumatiga G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilishga qaratilgan HAMAS bilan kelishuvni qabul qilishni tavsiya qilgan edi.

"Shundan so‘ng kelishuv Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etildi", dedi 17 yanvar kuni Bosh vazir Binyamin Netanyaxuning idorasi.

15 yanvar kuni Isroil va HAMAS guruhi vakillari o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni almashish bo‘yicha kelishuvga erishgani ma’lum bo‘ldi. Kelishuv birinchi bosqichda 42 kunlik otashkesim va G‘azo sektorida garovga olinganlarning bir qismini ozod qilishni ko‘zda tutadi. Bunga javoban Isroildagi falastinlik mahbuslar har bir Isroil fuqarosi uchun 30 falastinlik va har bir askar uchun 50 falastinlikdan ozod qilinishi kerak.

17 yanvar kuni Isroil ommaviy axborot vositalari kelishuvning birinchi bosqichi doirasida Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinlik mahbuslarga almashtirilishi kutilayotgan 33 kishidan iborat ro‘yxatni e’lon qildi. Isroil rasmiylarining fikricha, ro‘yxatdagilarning aksariyati tirik, ammo garovga olinganlarning ahvoli haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq “The Washington Post” nashri manbalarga tayanib Netanyaxu o‘ng qanot koalitsiyasidagi hamkorlariga HAMAS bilan sulhning birinchi bosqichidan so‘ng G‘azo sektorida harbiy operatsiyani qayta boshlashga va’da berganini yozgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo HAMAS Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing