Isroil harbiylari xorijiy diplomatlarni o‘qqa tutdi (video)
Olam
−
22 may 2025 13484 3 daqiqa
Kecha, 21 may kuni Isroil armiyasi (SAXAL) askarlari G‘arbiy Sohildagi Jenin qochqinlar lageri yaqinida rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan diplomatik delegatsiyaga qarata ogohlantiruvchi o‘q uzdi. Mazkur holat esa keskin ravishda xalqaro noroziliklarga sabab bo‘ldi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Telekanal xabariga ko‘ra, hodisa paytida Yevropa va arab mamlakatlaridan iborat yirik delegatsiya Jenin lageri yaqinida bo‘lib, u yerda yuzaga kelgan gumanitar vaziyat bilan tanishayotgan bo‘lgan. Tashrifda 20 dan ortiq davlat vakillari, jumladan Buyuk Britaniya, Fransiya va Kanada ishtirok etgan.
Internetda tarqalgan videolarda diplomatik delegatsiya lager darvozasidan uzoqlashayotgan vaqtda Isroil askarlari kamida yetti marotaba o‘q uzgani aks etgan. Shuningdek, videolavhalarda delegatsiya a’zolaridan biri odamlarni devorga yaqin turishga chaqirganini ham ko‘rish mumkin.
“Bu jinoyatkorona hujum uchun Isroilning bosqinchi hukumatini to‘liq va bevosita javobgar deb hisoblaymiz. Bunday harakatlar jazolanishsiz qolmaydi” deya bayonot berdi Falastin Tashqi ishlar vazirligi.
Isroil tomoni esa voqea yuzasidan dastlabki tergov boshlanganini bildirgan va delegatsiya ruxsat berilmagan hududga kirgani, shuning uchun askarlar ogohlantiruvchi o‘q uzishga majbur bo‘lganini ta’kidlagan. Isroil armiyasi, shuningdek, tegishli mamlakatlar bilan tergov natijalari yuzasidan aloqaga chiqishini va yuzaga kelgan noqulayliklar uchun afsusdaligini ma’lum qilgan.
Biroq BMTning G‘arbiy Sohildagi agentligi direktori Roland Fridrix Isroil armiyasining izohlarini inkor etib, ularni yetarlicha jiddiy deb topmasligini aytgan.
“Bu hodisa Isroil xavfsizlik kuchlari tomonidan ortiqcha kuch ishlatilishi va fuqaroviy shaxslarga nisbatan beparvolik bilan yondashilayotganining yana bir og‘riqli isbotidir”, degan u.
Yevropa Ittifoqining Tashqi aloqalar bo‘yicha vakili Kaya Kallas ham bunday holatni keskin qoralagan.
“Diplomatlarning hayotiga xavf soluvchi har qanday harakatni qabul qilib bo‘lmaydi. Biz Isroildan bu hodisani tergov qilishni va aybdorlarni javobgarlikka tortishni talab qilamiz”, degan u.
Shuningdek, Italiya, Ispaniya, Fransiya va Kanada TIVlari Isroil elchilarini chaqirtirib, rasmiy tushuntirish so‘ragan. Kanada Bosh vaziri Mark Karni bu haqda Ottavada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bayonot bergan.
“Bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat. Bu mintaqada sodir bo‘layotgan ko‘plab boshqa qabul qilib bo‘lmas hodisalardan biridir”, degan u.
Irlandiya, Belgiya, Sloveniya, Portugaliya, Germaniya, Niderlandiya, Norvegiya, Daniya va Buyuk Britaniyaning rasmiy vakillari ham Isroilning harakatini qoralagan. Bundan tashqari, Iordaniya, Misr, Turkiya va Qatar Tashqi ishlar vazirliklari ham hodisani keskin tanqid qilgan.
“Diplomatlar hayotini xavf ostiga qo‘ygan bu hujum Isroil tomonidan xalqaro huquq va inson huquqlariga muntazam bepisandlik ko‘rsatilayotganining navbatdagi isbotidir”, deyiladi Turkiya TIV bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, mazkur holat G‘arb Isroilning G‘azoga gumanitar yordamning to‘sib qo‘yishi oqibatida yahudiy hukumatiga bosim qilayotgan fonda yuz berdi. Xususan, avvalroq Buyuk Britaniya, Fransiya va Kanada Isroilning G‘azo sektoriga harbiy hujumi va insonparvarlik yordamini yetkazishdagi cheklovlari sabab keskin choralar ko‘rish bilan tahdid qilgandi.
Shuningdek, Buyuk Britaniya boshqa davlatlar bilan Isroil Vazirlar Mahkamasining ba’zi muhim a’zolariga G‘arbiy Sohilda Falastin huquqlarini poymol qilgani uchun sanksiyalar kiritish rejalarini ishlab chiqayotgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi