Ispaniyalik milliarderning o‘g‘li otasini o‘ldirganlikda gumonlanmoqda
Olam
−
19 may 3832 2 daqiqa
Kataloniya politsiyasi Mango kiyim-kechak do‘konlari tarmog‘i asoschisi Isak Andikni o‘ldirganlikda gumon qilib, uning o‘g‘li Jonatan Andikni hibsga oldi. Bu haqda “El Pais” xabar berdi.
71 yoshli tadbirkor 2024 yil dekabr oyida jarlikdan qulab halok bo‘lgan. Dastlab uning o‘limi baxtsiz hodisa sifatida ko‘rib chiqilgan va tadbirkorning o‘g‘li ham aynan shu versiyani yoqlab turibdi. Biroq Ispaniyaning TVE agentligi o‘z manbasiga tayanib xabar berishicha, Jonatan Andik tergov hibsxonasiga joylashtirilgan. Yaqin soatlar ichida u sud oldida javob berishi kerak. Andiklar oilasi vakilining bayonot berishicha, hibsga olingan shaxs otasining o‘limi bo‘yicha olib borilayotgan tergovda rasmiy idoralar bilan hamkorlik qiladi. Ishning boshqa tafsilotlari hozircha ma’lum emas.
Ma’lumot uchun, Isak Andik 2024 yil 14 dekabrda Barselona provinsiyasidagi jarlikdan qulashi oqibatida halok bo‘lgan. O‘sha kuni u o‘g‘li bilan sayr qilayotgan bo‘lgan va o‘g‘li fojianing yagona guvohiga aylangan. Oradan bir necha hafta o‘tib, biznesmenning o‘limiga doir ish yopilgan, biroq 2025 yilning mart oyida Martorel shahri sudi tergovni qayta tiklagan. Marhum vorisining bir-biriga zid ko‘rsatmalari politsiyada shubha uyg‘otgan.
Shuningdek, toqqa chiqishdan oldin u otasining tan soqchisidan “ularni yolg‘iz qoldirishni” so‘ragani ma’lum bo‘lgan. Bundan tashqari, Jonatan Andikning sevgilisi – golfchi Estefaniya Knut ularning otasi bilan munosabatlari “vaqti-vaqti bilan keskin” bo‘lib turganini bayonot qilgan.
Isak Andik Mango kompaniyasiga 1984 yilda akasi Naxman bilan birgalikda asos solgan. 2023 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniyaning daromadi 3,1 milliard yevroni tashkil etgan. Andikning boyligi 4,5 milliard dollarga baholanib, u Ispaniyaning eng boy 5 nafar kishisi ro‘yxatiga kirar edi.
Live
Barchasi