Ispaniyada jazirama tufayli kamida 900 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
01 iyul 1515 2 daqiqa
Ispaniyada joriy yilning iyun oyida kuzatilgan issiq havo fonida kamida 900 kishi vafot etdi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligining o‘lim holatlarini har kunlik monitoring qilish tizimining dastlabki ma’lumotlariga tayanib, “El Pais” xabar berdi.
Nashrning qayd etishicha, 2026 yilning iyun oyi Ispaniyada 1961 yildan buyon olib borilayotgan meteokuzatuvlar tarixidagi ikkinchi eng issiq iyun bo‘lgan. AEMET davlat meteorologiya agentligi o‘tgan oyni “o‘ta issiq” deb tasniflagan. Bunda kuzatuvlar tarixidagi eng issiq davr bo‘lib 2025 yilning iyun oyi qolmoqda.
“Shu yilning iyun oyida Ispaniyada yuqori harorat tufayli 900 ga yaqin kishi vafot etdi, ulardan 623 nafari anomal issiqlik kuzatilgan haftada hayotdan ko‘z yumdi”, deyiladi xabarda.
Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan oy issiq ob-havo tufayli yuzaga kelgan o‘lim holatlari soni bo‘yicha ham ikkinchi o‘rinni egallagan. Eng ko‘p o‘lim holati 2017 yilda qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda 1 mingta holat kuzatilgan. Bu boradagi kuzatuvlar 2015 yildan buyon olib boriladi.
Ma’lumot uchun, joriy yil iyun oyining o‘rtalarida Yevropada anomal issiq ob-havo kuzatila boshlandi. Qator mamlakatlarda havo harorati 40 darajagacha ko‘tarilmoqda, ba’zi joylarda esa undan ham oshib ketdi. Ob-havo xavfliligining eng yuqori – “qizil” darajasi Fransiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Italiyada joriy etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyada rekord darajadagi issiq to‘lqini oqibatida qariyb 1000 ta o‘lim holati qayd etilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi