Ispaniyada poyezd ustiga kran qulab tushdi

Olam

image

Kecha, 22 yanvar kuni Ispaniyaning janubi-sharqida mahalliy poyezd ustiga yana kran tushib ketdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Hodisa Mursiya mintaqasidagi port shahri Kartaxena yaqinida sodir bo‘lgan. Mintaqa favqulodda xizmatlari ma’lumotiga ko‘ra, voqea oqibatida to‘rt nafar kishi yengil tan jarohati olgan.

“Poyezd ag‘darilmadi va relsdan chiqib ketmadi”, degan Mursiya mintaqasi favqulodda xizmatlari vakili. 

Hodisa sabab Kartaxena shahri bilan Los-Netos posyolkasi o‘rtasidagi temiryo‘l qatnovi vaqtincha to‘xtatilgan. Voqea haqida batafsil ma’lumot taqdim etilmagan. 

Bu Ispaniyada bir hafta ichida sodir bo‘lgan to‘rtinchi temiryo‘l halokati hisoblanadi. Eng yirik avariya joriy yilning 19 yanvar kuni Kordova provinsiyasida ro‘y bergan: tezkor poyezd relsdan chiqib, boshqa tarkib bilan to‘qnashgan. Hodisa oqibatida 42 kishi halok bo‘lgan, jumladan, qarshi yo‘nalishdagi poyezd mashinisti ham vafot etgan.

20 yanvar kuni esa Barselona yaqinida kuchli yomg‘irlar oqibatida temiryo‘lga tayanch devor qulab tushishi sabab poyezd relsdan chiqib ketgan. Ushbu hodisada mashinist halok bo‘lgan. Jami 37 kishi jarohat olgan bo‘lib, ularning besh nafari og‘ir ahvolda. Ispaniya OAVlariga ko‘ra, mashinist kabinasida uch nafar stajyor ham bo‘lgan va ular og‘ir tan jarohatlari bilan reanimatsiyaga yotqizilgan.

Shu kuni mintaqaviy temiryo‘l tarmog‘idagi yana bir poyezd yo‘lga qulab tushgan tosh sabab relsdan chiqqan, biroq bu holatda jabrlanganlar bo‘lmagan.

Bir kun avval Ispaniyadagi eng yirik poyezd mashinistlari kasaba uyushmasi – SEMAF temiryo‘ldagi ketma-ket avariyalar ortidan umumxalq ish tashlashiga tayyorgarlik ko‘rayotganini e’lon qildi. Kasaba uyushmasi temiryo‘l infratuzilmasi xavfsizligini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortishni talab qilmoqchi.


Maqola muallifi

Teglar

poezd Ispaniya Mursiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing