Ispaniyada favqulodda holat e’lon qilindi
Olam
−
24 iyul 2141 2 daqiqa
Bugun, 24 iyul kuni Ispaniya hukumati Madrid viloyatining g‘arbiy qismini qamrab olgan va qo‘shni Avila provinsiyasiga xavf solayotgan keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlari sababli milliy darajadagi favqulodda holat e’lon qildi. Bu haqda “El Pais” xabar berdi.
Qayd etilishicha, qaror Madridning g‘arbiy qismida bir vaqtning o‘zida 3 ta yong‘in – ikkitasi Vilya-del-Prado hududida va yana biri San-Martin-de-Valdeyglesiasda sodir bo‘lganidan keyin qabul qilingan. Murakkab ob-havo sharoiti, yuqori harorat va kuchli shamol sababli mintaqaviy xizmatlar vaziyatni o‘z kuchlari bilan nazorat qila olmagan.
Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, Madriddagi yong‘inlar sababli 10 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilingan. Oqibatlarni bartaraf etishga 270 dan ortiq mutaxassis va 40 ga yaqin yerdagi texnika birliklari, shuningdek, Tezkor harakat qilish harbiy bo‘linmalari (UME) jalb etilgan.
Qayd etilishicha, bunday darajadagi favqulodda holatning e’lon qilinishi favqulodda chora hisoblanadi. Oxirgi marta umummilliy munosabat bildirishning uchinchi darajasi 2025 yilda keng ko‘lamli elektr energiyasi uzilishi vaqtida joriy etilgan.
Hozirda mamlakat hududida bir qator o‘rmon yong‘inlari davom etmoqda. Ularning eng yirigi Madriddan shimolda 30 gektardan ortiq maydonni kulga aylantirgan.
Shuningdek, kecha, 23 iyul kuni Ispaniyada yong‘in sababli Madrid va Barselona o‘rtasidagi tezyurar temir yo‘l tarmog‘ida harakatlanish vaqtincha to‘xtatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Norvegiya janubidagi Drammen kommunasida yuz bergan yirik yong‘in 100 dan ortiq uyni kultepaga aylantirgani, bir necha yuzlab odamlar evakuatsiya qilingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi